Boshoqli don ekilgan maydonlarda ekin holatini inobatga olgan holda bargidan oziqlantirish, ya’ni suspenziya sepish, sug‘orish, oziqlantirish kabi agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida sifatli amalga oshirish yuqori va sifatli hosil olishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida 2021 yil hosili uchun jami 3800 gektar maydonga boshoqli don ekilgan. Tumanda bugungi kunga birinchi suspenziya sepish ishlari to‘liq yakunlanib, ikkinchisi davom etmoqda. Ushbu ishlarga 41ta purkagich, shundan 37 ta OVX, 4 ta shtangali texnikadan foydalanilmoqda.

Suspenziyani vaqtida, ya’ni maysalar to‘liq naychalash bosqichiga kirganda o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki g‘allani bargidan oziqlantirish hosildorlikni 3-5 sentnerga oshiradi va don sifatini yaxshilaydi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, purkash ishlari o‘tkazilayotganda havo ochiq bo‘lishi kerak. Harorat 18-25 gradus atrofida va namlik 65 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda ko‘zlangan natijaga erishiladi. Yog‘ingarchilik ehtimoli bo‘lganda purkash ishlarini kamida 4 soat oldin yakunlash yoki yomg‘ir tugashini kutib, o‘simliklar qurigandan so‘ng amalga oshirish zarur.

– Shuni hisobga olgan holda fermerlarning iliq ob-havodan unumli foydalanib, suspenziya ishlarini kechiktirmay amalga oshirishi nazorat qilib borilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi Beruniy tuman bo‘limi inspektori J.Toreyev. – Jumladan, purkagichlarning ishga chiqmaslik sababi aniqlanganda, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga nisbatan ogohlantirish ta’sir choralari ko‘rilmoqda.

Tumanda mazkur muhim agrotexnik tadbir davom etmoqda.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA