Orolbo‘yida tadbirkorlikni rivojlantirish hamda 2021 yil uchun Bandlik dasturining ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Qahraman Sariyev mahalliy kengash deputatlari va tadbirkorlarga murojaat yo‘lladi.

Joriy yilning 8 aprel kuni Prezidentimiz boshchiligida hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish hamda 2021 yil uchun Bandlik dasturining ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida, hududlarda amalga oshirilgan ishlar, sohadagi mavjud muammolar tanqidiy ko‘rib chiqilib, oldimizda turgan vazifalar belgilab berildi hamda uni bajarish mexanizmlari aytib o‘tildi.

bugungi kunda hududlarda “mahallabay” ishlash tizimini joriy etish aholini daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda amalga oshiriladigan mexanizmlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘tgan yili pandemiya sharoitida qabul qilingan farmon va qarorlar asosida tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan imtiyoz va preferensiyalar natijasida jami 275,2 milliard so‘m soliq to‘lovchilarning ixtiyorida qoldirildi. Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy holatini yaxshilash maqsadida 5 599 ta tadbirkorlik sub’ektiga 746 milliard so‘mlik kredit ta’tillari (prolongatsiya)berildi.

Davlatimiz rahbarining viloyatlarga tashrifi davomida belgilab berilgan vazifalar asosida har bir mahallada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlarni nazarda tutuvchi yangicha ishlash tizimi joriy qilinmoqda. Jumladan oilalarning daromad manbalari, daromadli mehnatga bo‘lgan ehtiyojlarini “xonadonbay” hamda tadbirkorlarning muammolarini “mijozbay” o‘rganish va muammolarni tezkor hal etish bo‘yicha tijorat banklardan jami 418 nafar xodim har bir mahallaga doimiy vakil etib biriktirildi. Mahallalarda tadbirkorlik, investitsiyaviy va raqobat muhitini yaxshilash hamda drayver loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha sektorlar huzurida Boshqaruv ofislari tashkil etilib, iqtisodiyot kompleksdan jami 344 nafar soha rahbari biriktirildi. bugungi kunda yangi tizim asosida sektor rahbarlari tomonidan har haftaning shanba kuni “mahallabay” ishlash bo‘yicha aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning muammalarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Yuqoridagilar bilan bir qatorda, mahallalarning ixtisoslashuviga qarab, ularning drayver sohalari belgilab olindi.

Joriy yilning I choragida jami 1 271 ta kichik biznes sub’ekti yangidan tashkil etilib, bugungi kunda ularning umumiy soni 20 mingga yetdi. Bundan tashqari, yanvar-mart oylarida 1958 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ekti tashkil qilindi. Shuningdek, yanvar-mart oylarida 1 346 ta tadbirkorlik sub’ektining faoliyati qayta tiklandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 645 ta hunarmandlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 11 noyabrdagi “2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida umumiy qiymati 12,3 trillion so‘mlik 1359 ta loyihani amalga oshirish va 17,6 ming yangi ish o‘rnini yaratish  belgilab olindi. Shundan, bugungi kunga qadar umumiy qiymati 4 trillion 822 milliard so‘mlik 852 ta loyiha ishga tushirildi va natijada 5403 yangi ish o‘rni yaratildi. Joriy yilda 593 ta hududiy investitsiya loyihasining amalga oshirilishi natijasida jami 71,6 milliard so‘mlik byudjet tushumi kutilmoqda.

Bundan tashqari, mahallalarda ishlarni “xonadonbay”, “mijozbay” tashkil qilish bo‘yicha doimiy vakillar tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturida belgilangan loyihalarga qo‘shimcha qiymati 80,8 milliard so‘mlik 19 ta loyiha aniqlanib, bugungi kunda ishlar davom ettirilmoqda.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida joriy yilda 975 ta tadbirkorlik sub’ektiga jami 355,8 milliard so‘mlik kredit ajratilgan.

Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari asosida aholi bandligini ta’minlash maqsadida joriy yilda jami 89 milliard so‘mlik imtiyozli kredit ajratilgan.

“Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida jami 2 736 nafar yosh kasb-hunarga va tadbirkorlik kurslarida o‘qitildi. Ushbu kurslarni tamomlagan 224 nafar yoshga o‘z tadbirkorligini boshlashi uchun jami 7,6 milliard so‘mlik imtiyozli kredit ajratilgan. bugungi kunga qadar “1+1” tamoyili asosida tadbirkorlik sub’ektlariga 2 077 nafar ishsiz yosh biriktirildi.

Hukumatimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar asosida tashkil qilingan “Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikalari”da “Koll-markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunda tegishli vazirlik, idoralar tomonidan tadbirkorlarga amaliy yordamlar berilmoqda. Ushbu “Klinika” tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning 349 ta murojaati ko‘rib chiqilgan. Shundan 17 ta murojaat ijobiy hal etildi,332 ta murojaatga qonuniy tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, tadbirkorlik masalasi bo‘yicha Bosh vazirning hududimizdagi qabulxonasiga jami 672 masala yuzasidan 645 ta murojaat kelib tushgan va 634 masala ko‘rib chiqilgan. Shundan 288 ta masala ijobiy hal etildi, 344 ta masalaga qonuniy tushuntirish berildi.

2021 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va davlat dasturi doirasida aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha rejalar belgilab olindi. Xususan, joriy yilda shahar va tumanlarda jami 22 ming 41 ta yangi ish o‘rnini tashkil etish belgilandi. Bundan tashqari, joriy yilda jami 42 ming 97 nafar fuqaraning bandligini ta’minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilishi belgilab olinmoqda.

Joriy yilda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz fuqarolarni dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun 25 ming gektar yer maydonini ajratish hisobiga 30 ming nafar fuqaroning bandligini ta’minlash belgilangan. Joriy yilda Bandlik dasturining ijrosini samarali tashkil etish maqsadida aniq manzilli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va soha rahbarlariga tegishli vazifalar belgilab berildi.

Xususan, aholining bandligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining sohalar va tumanlar kesimida oyma-oy bajarilishini ta’minlash bo‘yicha rejalar belgilab olindi. Joriy yilning I choragida 2 482 ta loyiha hisobiga 3 710 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi. Bundan tashqari, bugungi kunga qadar jami 12 ming 959 nafar fuqaroning bandligini ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar olib borildi.

Joriy yilda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ularning sonini 3 karraga ko‘paytirish, bundan tashqari, joriy yilning 2 choragi va yil yakuniga qadar har bir iqtisodiy ko‘rsatkichni 30 foizga oshirib bajarish reja qilingan. Shu jumladan, mahalliy byudjetga tushumni belgilangan rejadan 30 foizga ortiq bajarish bo‘yicha hisob-kitoblar ishlab chiqildi. Shuningdek, yangi ish o‘rinlar sonini rejadan ortig‘i bilan bajarish maqsad qilib olindi.

Uchrashuv so‘ngida tadbirkorlar tomonidan fikr-mulohazalar bildirildi va ularning ijrosi nazarotga olindi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA