Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 13 aprel kuni o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida alohida ta’kidladi.
Davlat rahbari mutasaddilarga subsidiyaga ehtiyoji bor yoshlarning “mahallabay” ro‘yxatini shakllantirib, mablag‘ ajratishni boshlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Moliya vaziriga subsidiyalar berishning ochiq-oshkoraligini ta’minlash maqsadida “elektron platforma”ni ishga tushirish va ijrosini nazoratga olish yuklatildi.
Bunda yoshlar ushbu platformadan tunu kun 24 soat foydalanishi, muammolari bo‘yicha bevosita moliya vaziriga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerakligi aytildi.
Viloyat, tuman (shahar) moliya bo‘limi boshliqlari o‘zi yurib, “mahallabay” yoshlar bilan uchrashib, byurokratiya va korrupsiyasiz subsidiya ajratishga shaxsan javobgar bo‘ladi.
Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.Qudbiyev, moliya vaziri T.Ishmetovga har oyda yoshlar tadbirkorligi va bandligi masalalari bo‘yicha hokimlar va sektor rahbarlari faoliyatini tahlil qilib, yaxshi ishlaganlarga oyligiga 50 foizgacha ustama berish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi topshirildi.