Prezident Shavkat Mirziyoyev bugungi videoselektor yig‘ilishida Surxondaryo, Andijon, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari hokimlari yoshlar masalasida berilgan topshiriqlar bo‘yicha aniq natija va tashabbuslar ko‘rsatmayotganini qayd etdi.
Viloyat hokimlariga o‘n kun muddatda tuman va shahar kesimida yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini ta’minlash grafiklarini tasdiqlab, yangi-yangi tashabbuslarni amalga oshirish topshirig‘i berildi.
Bundan tashqari, joriy yil 1 iyunga qadar hududlarda 77 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini ishga tushirish zarurligi ta’kidlandi.
Ta’kidlash joizki, yoshlarning tadbirkorlikka qiziqishi katta bo‘lgani bilan ular kerakli ko‘nikmalarga ega emas. Shu bois, yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularni biznesdagi “risklar”ga o‘rgatish zarur.
Yig‘ilishda bu yo‘nalishda ayni paytda 480 ming nafar yoshga tadbirkorlik ko‘nikmalarini maxsus onlayn dastur orqali bepul o‘rgatayotgan tadbirkor Hasan Mamasaidov o‘z tajribasini so‘zlab berdi.
O‘zA