Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 13 aprel kuni yoshlar bandligi va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ilgari berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari yoshlarga oid davlat siyosati ijrosini tashkil etishda avvalo, yoshlar bandligini ta’minlash va ularga munosib daromad olishi uchun sharoit yaratib berish eng muhim vazifa hisoblanishini ta’kiladi.
– Yana bir bor takrorlayman, bu boradagi eng katta imkoniyat va zaxiramiz, bu – tadbirkorlik, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesdir. Birinchi chorakda 12 ming nafar “yoshlar daftari”ga kirganlarga 255 milliard so‘m kredit ajratildi. Lekin ular mustaqil ravishda tadbirkor bo‘lib, “oyoqqa” tura oladimi, degan savol hokimlar, sektor rahbarlari va sohaga mas’ullarni har kuni o‘ylantirishi kerak, – dedi Prezident.
Misol uchun, joriy yilning o‘tgan davrida Jondor tumanida 813 nafar yoshlarga kredit ajratilgan (respublika bo‘yicha o‘rtacha 158 nafar).
Videoselektorda Jondor tumani hokimi San’atillo Hikmatov bu yoshlarning kelgusi biznesi uchun yaratib berayotgan sharoit va kutilayotgan natijalar haqida hisobot berdi.
Yig‘ilishda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlarni yanada kengaytirish va bandligini ta’minlash bo‘yicha quyidagi yangi mexanizmlarni joriy etish zarurligi qayd etildi.
Jumladan, 1 maydan boshlab agar korxona va kompaniyalar yoshlarni ishga qabul qilsa, korxonalarga ushbu xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq qaytarib beriladi.
Bu orqali joriy yilda kamida 700 ming yoshni ishga qabul qilgan tadbirkorlarni rag‘batlantirish mexanizmi yaratiladi va tadbirkorlar ixtiyorida bir yilda 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ qoladi.
Bunda Samarqand, Farg‘onada – 110 milliard so‘mdan, Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryoda – 95 milliard so‘mdan, Toshkent viloyatida – 80 milliard so‘m, Namangan, Toshkent shahrida – 70 milliard so‘mdan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoroda – 65 milliard so‘mdan, Xorazmda – 60 milliard so‘m, Jizzax, Navoiyda – 40 milliard so‘mdan, Sirdaryoda – 20 milliard so‘m mablag‘ tadbirkorlar ixtiyorida qoladi.
Shuningdek, 1 iyundan boshlab “yoshlar daftari”ga kirgan talabalar korxona va kompaniyalarda amaliyot o‘taganda, ularga 500 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Birinchi marta ishga kirgan kasb-hunar markazlari bitiruvchilari 6 oygacha daromad solig‘idan ozod etiladi.
1 maydan boshlab “Yoshlar daftari”ga kirgan 5 nafardan ortiq ishsiz yosh bandligini ta’minlagan tadbirkorlarga davlat mulki ijarasi uchun 50 foizgacha imtiyoz beriladi.
Shu bilan birga, xodimlari sonining kamida 70 foizi “yoshlar daftari”ga kirgan yosh tadbirkorlarga davlat mulki auksionsiz beriladi va ulardan 5 yil davomida ijara haqi undirilmaydi.
Bundan tashqari, 1 maydan boshlab yoshlarga tadbirkorlik faoliyatiga kerakli asbob-uskunalarni xarid qilish uchun 10 million so‘mgacha subsidiyalar beriladi. Shuningdek, ijaraga bino olib, o‘z biznesini boshlayotgan yoshlarga, bir yillik ijara summasining 30 foizigacha qismi qoplab beriladi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, bugungi kunda mamlakat bo‘yicha 120 ta IT markazini 4 mingga yaqin “yoshlar daftari”ga kirganlar tamomlagan. Bunday yoshlarni kelgusida biznes boshlashi uchun kompyuterlar bilan ta’minlab berish zarurligi qayd etildi.
Buning uchun “1 million dasturchi” loyihasi doirasida sertifikat olgan yoshlarga kompyuterlar xaridi uchun “Mikrokreditbank”, “Aloqabank” va “Xalq banki”dan kreditlar ajratadi, ularning foiz xarajatlari to‘liq byudjetdan qoplab beriladi.
Shuningdek, 1 iyundan boshlab, “yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga va mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga haydovchilik guvohnomasini olish, bir oylik harbiy xizmatni o‘tash xarajatlari byudjetdan to‘lab beriladi.
yig‘ilishda “yoshlar daftari”ga kirganlarga qiziqishidan kelib chiqib, xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha o‘quv markazlarida o‘qish xarajatining bir qismi qoplanishi, 1 iyuldan boshlab xususiy korxonalarda yangi ish boshlagan xodimlarni qayta tayyorlash xarajatining 1 million so‘mgacha bo‘lgan qismiga subsidiya berilishi ma’lum qilindi. Bundan tashqari, yoshlarning professional ta’lim maktablari, texnikumlarda o‘qishi uchun to‘lanadigan kontrakt summasi daromad solig‘idan ozod qilinishi aytildi.
Ushbu maqsadlar uchun yil davomida qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratiladi.
O‘zA