Bugun, 8 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni rivojlantirish va joriy yilda aholi bandligini ta’minlash dasturi ijrosi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Yig‘ilishda viloyat, tuman va shahar hokimlarining tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha faoliyati tanqidiy tahlil qilinmoqda.

Prezident ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasini xatlovdan o‘tkazib, tikuvchilik, maishiy texnika, poyabzal ta’mirlash va kompyuter xizmatlari kabi faoliyat turlari uchun ajratib berishni boshlash bo‘yicha topshiriq berdi. Buning uchun hukumat yerto‘lalardan foydalanishdagi cheklovlarni qisqartirish bo‘yicha qaror qabul qilishi zarurligi ta’kidlandi.

Andijon, Buxoro, Namangan, Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida infratuzilmaga yaqin joylarda, unumdorligi past, foydalanishda bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratish bo‘yicha ko‘plab takliflar bildirilgan.

Prezident mutasaddilarga ishchi guruhlar tuzib, unumdorligi past va foydalanilmayotgan qishloq xo‘jaligi yerlarida loyiha asosida kichik sanoat zonalari tashkil etish bo‘yicha takliflarni kiritishni topshirdi.

Joriy yilda sanoat zonalarini infratuzilma bilan ta’minlashga 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilmoqda. Yig‘ilishda yil yakuniga qadar 168 ta mavjud va yangi sanoat zonasini 468 kilometr elektr, 362 kilometr gaz, 405 kilometr suv va 104 kilometr yo‘l bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari joriy yilda tadbirkorlarda energiya ta’minoti va boshqa infratuzilma bilan bog‘liq muammolar bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi.

Prezident infratuzilmadagi muammolar tufayli respublika bo‘yicha 320 ta tadbirkor so‘nggi 2 yilda import qilgan 220 million dollarlik asbob-uskunalarini ishga tushira olmayotganini qayd etdi. Joriy yilda tadbirkorlarning elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarini hal qilish uchun 560 milliard so‘m ajratilgani ma’lum qilindi.

Muammosi mavjud sanoat zonalarini aniqlab, ularda elektr ta’minotini yaxshilashga qo‘shimcha 300 milliard so‘m ssuda ajratish topshirig‘i berildi.

Biznes-ombudsman joylarga chiqib, tadbirkorlarning infratuzilma bilan bog‘liq muammolari hal qilinganini o‘rganish va aybdorlarni ishdan olish va jarimaga tortish bo‘yicha taklif kiritishi aytildi.

– Qanday qiyin bo‘lsayam har bir sohaning ichiga kirayapmiz. Aravani tortmagan rahbar baribir ishdan ketadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zA