Prezident raisligida tadbirkorlikni rivojlantirish va joriy yilda aholi bandligini ta’minlash dasturi ijrosi bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida Baxmal, Qo‘shrabot, Xonqa, Qo‘shtepa va Paxtaobod tumanlarida imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmagani tanqid qilindi.

Shu sababli Jizzax, Samarqand, Xorazm, Farg‘ona va Andijon viloyatlari hokimlariga ushbu tumanlarda ikki hafta muddatda tadbirkorlik loyihalari dasturini ishlab chiqib, alohida nazoratga olish bo‘yicha topshiriq berildi.

Shu bilan birga, “mahallabay” ishlash doirasida banklar tomonidan tadbirkorlik rivojlanmagani bois “qizil” hudud deb belgilangan 858 ta mahallada “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, ular bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari tasdiqlandi.

Yig‘ilishda tadbirkorlikka yer va binolar ajratishni ko‘paytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Bosh vazir o‘rinbosarlari S.Umurzoqov, J.Qo‘chqorov, adliya vaziri R.Davletovga yer uchastkalariga investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni belgilash tartibini ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shu bilan birga, olis va chekka hududlarda joylashgan yer uchastkalarining boshlang‘ich narxini 50 foizgacha chegirma bilan sotuvga qo‘yish vakolatini mahalliy kengashlarga berish tartibini kiritish vazifasi topshirildi.

Prezidentimiz “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kirgan aholi bandligini ta’minlash uchun o‘zi yashaydigan mahallada sharoit yaratib berish zarurligini ta’kidladi.

– Ikki karra mas’uliyatimizni ko‘paytirmasak, “daftarlar” yopilmay qoladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Misol uchun, Chortoq tumanining “Bog‘iston” mahallasidan tuman markaziga borib ishlashga majbur bo‘lgan (32 kilometr) 40 nafar tikuvchi ayollar muammosi davlat-xususiy sheriklik asosida hal qilingan.

Yig‘ilishda viloyat, tuman va shahar hokimlariga 1,5 mingta mahallaga xususiy sheriklik asosida bino qurib berish bo‘yicha tashabbuskorlarni aniqlab, loyihalarni boshlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov hamda Davlat soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi va Bosh prokuratura mutasaddilariga bir oy muddatda yengil konstruksiyali ko‘chma savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etish, ularni auksion orqali joylashtirish tartibini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

O‘zA