Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 8 aprel kuni tadbirkorlikni rivojlantirish va joriy yilda aholi bandligini ta’minlash dasturi ijrosi bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilish avvalida tadbirkorlik yo‘nalishida ishni yetarli tashkil etmagan viloyatlardagi bir qator rahbarlar ishdan olingani, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlari hokimlari hamda Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosariga “hayfsan” berilgani haqida xabar qilgan edik.

O‘zA muxbirining ma’lum qilishicha, Navoiy viloyati ichki ishlar boshlig‘i Tasbayev va soliq rahbari Botiraliyev lavozimiga joriy yil mart oyida tayinlanganini inobatga olib, ularga 3 oy sinov muddati berilgan. Ushbu yangi rahbarlar natija ko‘rsatmasa, lavozimidan olinishi haqida ogohlantirilgan.

Shu bilan birga, Ulug‘nor, Uzun, Yozyovon, Dehqonobod tumanlari hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, Andijon, Oltinko‘l, Olot, Qorako‘l, Oqoltin, Chilonzor, Mo‘ynoq tumanlari, Xiva va Chirchiq shaharlari soliq idoralari boshliqlari ham lavozimidan bo‘shatilishi aytilgan.

Prezident yig‘ilishda ishtirok etayotgan rahbarlar o‘z hisobotida quyidagi savollarga javob berishi kerakligini ta’kidladi:

Birinchi – o‘z hududlarida qaysi tadbirkorlik yo‘nalishlari rivojlantirilib, nechta yangi loyihalar ishga tushiriladi?

Ikkinchi – qancha aholining bandligi ta’minlanadi va 3 ta “daftar”ga kirgan aholi soni qanchaga qisqaradi?

Uchinchi – yil oxirigacha nechta soliq to‘laydigan tadbirkorlar paydo bo‘ladi va byudjetga qancha qo‘shimcha mablag‘ tushadi?

Yig‘ilishda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan tezkor choralar hisobiga 33 ta “qizil” tumandan 28 tasida keskin o‘zgarish bo‘lgani ma’lum qilindi. Ushbu tumanlarda 2 mingta yangi loyiha ishga tushgan, soliq tushumlari 15 foiz o‘sib, 25 ming yangi ish o‘rni yaratilgan.

Misol uchun, Xovos tumani o‘tgan 6 oy davomida 8 pog‘ona yuqorilab, viloyatda 2-o‘ringa chiqib olgan (avval 10-o‘rinda bo‘lgan).

Videoselektorda Xovos tumani hokimi Uchqun Kamolov va Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev hududda ahvolni yaxshilash bo‘yicha ko‘rgan choralarni tushuntirdi.

O‘zA