Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasida davlatimiz rahbarining 2020 yil 13 oktyabrdagi “O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilayotgan ishlar va joriy yilga belgilangan rejalar bo‘yicha ommaviy axborot vositalari va blogerlar uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda o‘simliklar karantini tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, sohaga ilm-fan yangiliklari, xalqaro amaliyot va raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmi va geografiyasini yanada kengaytirish, ularni yetishtirish va tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida qayd etilgan qarori asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash va qadoqlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga mahsulotlarni xorijiy davlatlar fitosanitariya talablariga muvofiqlashtirish, tegishli maslahatlar va amaliy yordam berish uchun 16 nafar o‘simliklar karantini davlat inspektori biriktirildi. Eksport qilinadigan mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun xalqaro fitosanitariya sertifikati berilishi, ular yetishtirgan dala, bog‘ va tomorqalar nazorati natijasida beriladigan ichki fitosanitariya sertifikati joriy qilindi. «e-Fitouz» avtomatlashtirilgan axborot tizimi bazasida «daladan eksportgacha» bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi tizim yaratildi va ishga tushirildi.

Shu kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasida 31 ta O‘simliklar klinikasi, 30 ta biolaboratoriya va 8 ta qadoqlash sexi tashkil etilgan bo‘lsa, mazkur qarorga muvofiq yana qo‘shimcha ravishda 7 ta qadoqlash  sexi, 7 ta O‘simliklar klinikasi va 30 ta biolaboratoriya tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, respublika hududiga xorijiy mamlakatlardan mahsulotlarni olib kirgan transport vositalari (samolyotlar, temir yo‘l vagonlari va konteynerlari, yuk avtomashinalari) yuk xonalarini karantin nazoratidan o‘tkazish va «detektor — xizmat it»laridan foydalanish hamda zarur hollarda fumigatsiya qilish (zararsizlantirish) tizimi joriy qilinadi.

2020 yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 8 ta chet davlatdan 85 197 tonna va 2546258 litrga teng bo‘lgan o‘simliklar va karantin ostidagi mahsulot, 181171 metr kub va 247115 m.kv, 63405 dona yog‘och mahsuloti olib kelindi. Chet davlatlardan olib kelingan karantin ostidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga 4166 dona karantin ko‘rigi va transport birligini ochish dalolatnomasi hujjatlashtirildi.

Shuningdek, o‘tgan yil davomida respublikamizdan chet davlatlarga 69927 tonna karantin ostidagi mahsulotlar eksport etildi. Bundan tashqari 266711 dona turli xildagi yuk dunyoning 30 ta mamlakatiga eksportga chiqarildi.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.

 

Dovud Abibullayev,

O‘zA