Kecha xorijiy va mahalliy ijtimoiy saytlarda Rossiyaning «Lokomotiv» klubiga o‘tgan hamyurtimiz Jasur Jaloliddinov klubni tark etganligi haqidagi xabarlar tarqaldi.
Rostdan ham xabarlar rasmiy maqomga ega edi. Klub matbuot xizmatining yozishicha, ikki tomonning roziligiga ko‘ra shartnoma bekor qilingan.
Hamyurtimizning Rossiya tomon yurishi uning foydasiga ishladimi yoki ziyoniga, degan savol tug‘iladi. Foydasiga deydiganlar harqalay Yevropaga yurish qilgani, manaman degan yulduzlar bilan bir safda turishini nazarda tutishi bor gap, lekin ayni o‘yin amaliyoti davrida rasmiy o‘yinlarsiz, zaxirada qolib ketganichi? Oxir-oqibat, klubni tark etganichi?
Jasurning agenti Yuriy Belousov hamon «otdan tushsa ham, egardan tushmayapti». U mijozi haqida so‘z yuritar ekan, «Lokomotiv»dan ketishni klub uchun ham, futbolchi uchun ham foydali qaror bo‘lganligini, tashabbus futbolchining o‘zidan chiqqanligini ta’kidlayapti. Go‘yoki, Jasur uchun uchun mana shu davr tajriba vazifasini bajargan, Miranchuk kabi nomdor futbolchilar bilan bir maydonda mashg‘ulot o‘tkazgani afsona hisoblanadi. Yana, vaqti kelib Jasurning «Lokomotiv»ga qaytishini, nimalarga qodir ekanligini isbotlashiga urg‘u beradi.
Xo‘sh, yosh, mohir yarim himoyachi Jaloliddinovning keyingi faoliyati qayerda, qaysi jamoada davom etadi? Balki yana aynan Belousov aytayotganidek, Yevropa, yaqin sharq va Ispaniya chempionati 2-divizionidan qiziqish bildirilayotgan klublarda ko‘rinish berib qolar? Kim biladi, balkim yana o‘z yurtiga qaytib qolar? Buni vaqt ko‘rsatadi.
Oybek YUNUSOV, O‘zA