O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Ispaniyaga xizmat safari chog‘ida Butunjahon turizm tashkiloti (BTT) Bosh kotibi Zurab Pololikashvili bilan uchrashdi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuvda BTT Bosh kotibi Zurab Pololikashvili O‘zbekistonda turizm Prezident tomonidan iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishi sifatida tanlab olingani, bu borada 86 davlat fuqarolari uchun viza tizimining bekor qilingani, 50 dan ortiq mamlakat fuqarolari uchun elektron viza olish tizimi joriy etilgani hamda pandemiyaga qadar xorijiy sayyohlar soni 5 barobarga oshganini alohida e’tirof etdi.
Shuningdek, BTT Bosh kotibi tomonidan koronavirus pandemiyasi davrida turizm sohasidagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani, ularga berilayotgan imtiyozlar hamda 2021 yil yakuniga qadar amalda bo‘lgan qarorlar minglab ish o‘rinlarini saqlab qolish bo‘yicha ibratli tashabbus bo‘lgani qayd etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilgan maxsus “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” (“O‘zbekiston. Xavfsiz sayohat kafolatlanadi”) tizimi ham yuksak e’tirof etildi. Shu o‘rinda Zurab Pololikashvili dunyo miqyosida faqat BAA, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston pandemiya davrida ham turizm sohasiga eng ko‘p mablag‘ ajratgani hamda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etganini ta’kidladi.
Aziz Abduhakimov Madriddagi uchrashuv doirasida UNWTO Bosh Assambleyasi XXV sessiyasini 2023 yilda Samarqand shahrida o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi tayyor ekanligini ta’kidladi. O‘zbekiston hukumati nomidan BTT Bosh kotibiga yaqin hamkorlik hamda turli xalqaro tadbirlarni O‘zbekistonda o‘tkazish va yurtimizda bo‘layotgan turizm yangiliklarini o‘z platformalari orqali keng targ‘ib qilishda yordam berayotgani uchun o‘z minnatdorligini bildirdi.
BTT Bosh kotibi 2021-2023 yillar davomida O‘zbekiston nomzodini BTT Ijroiya kengashiga a’zoligini shaxsan qo‘llab-quvvatlashi va bu borada yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, UNWTO tomoni 2023 yilda BTT Bosh Assambleyasi XXV sessiyasini Samarqand shahrida yuqori saviyada o‘tkazilishiga ishonch bildirdi.
Bundan tashqari, turizm sohasidagi investorlar uchun “Global Tourism Investment Forum” xalqaro forumini tashkil qilish va tadbirni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘tkazishga kelishib olindi. Tomonlar shuningdek, “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetiga yuqori malakali professor-o‘qituvchilarni jalb etish va dolzarb yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash uchun zamon talabidagi o‘quv dasturlari yaratishga kelishildi. Yoshlar turizmi dasturlari doirasida xalqaro tadbirlar tashkil etish va xorijdagi tadbirlarga o‘zbek yoshlarini taklif etishga oid kelishuvlarga erishildi.