Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) joriy yilning 21-30 may kunlari Tailandning Bangkok va Chonburi shaharlarida bo‘lib o‘tishi belgilangan Jang san’ati va yopiq inshootlardagi VI Osiyo o‘yinlari ko‘chirilganligini e’lon qildi.
Osiyo Olimpiya kengashi tomonidan e’lon qilingan bayonotda COVID-19 global pandemiyasi vaziyatida butun qit’ada safarlarning cheklanganligi va tibbiyot ko‘rsatkichlari sabab shunday chora ko‘rilishi kerakligi ta’kidlandi.
Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Jang san’ati va yopiq inshootlardagi VI Osiyo o‘yinlarining yangi sanasi 2022 yilning 10-20 mart kunlariga belgilandi.
Bu qaror OOK, Tailand olimpiya qo‘mitasi va bo‘lajak musobaqa Tashkiliy qo‘mitasi bilan batafsil muhokama qilinganidan keyin qabul qilingan. Qaror musobaqaga tashrif buyuradigan barcha sportchilar hamda delegatlarning xavfsizligi va salomatligini ta’minlashga yo‘naltirilgan.