Kuni kecha Qirg‘iziston Respublikasining Batken va O‘sh oblasti futbol assotsiatsiyalari vakillari Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurishdi, deya xabar bermoqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.

Tashrifdan asosiy maqsad, Qirg‘izistonning har ikkala hududiy assotsiatsiyalari bilan Farg‘ona viloyat futbol assotsiatsiyasi o‘rtasida futbolni rivojlantirish, futbol orqali ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, futbol mutaxassislari va jamoalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada yuqori cho‘qqilarga ko‘tarishdan iborat.

Qirg‘iziston Respublikasi sport delegatsiyasi tarkibidan Qirg‘iziston futbol assotsiatsiyasi bo‘lim boshlig‘i, Batken va O‘sh viloyatlari futbol assotsiatsiyasi rahbarlari, murabbiylar va hakamlar o‘rin olgan bo‘lib, ular dastlab Farg‘ona shahridagi “Futbol markazi”da bo‘lishdi.

Tashrif davomida qirg‘izistonlik mehmonlar “Futbol markazida” yaratilgan sharoitlar va viloyat futbol assotsiatsiyasi ish faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Shuningdek, tashrif yakunida Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh va Batken hamda Farg‘ona viloyat futbol assotsiatsiyalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha qo‘shma Memorandumi imzolandi.

Tashrif davomida qirg‘izistonlik mehmonlar bilan birgalikda futzal bo‘yicha o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.