Ma’lumki, amaldagi qonun hujjatlariga binoan, Vazirlar Mahkamasi a’zolari, vazirlar lavozimga tayinlanishidan avval ularning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Bugun, 2021 yil 14 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimiga Abduqodir Toshqulov nomzodini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar. Bunga qadar A.Toshqulov Termiz davlat universiteti rektori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Abduqodir Toshqulov 1976 yil Surxondaryo viloyati, Boysun tumanida tug‘ilgan. 1998 yilda Termiz Davlat universitetini tugatgan. Mehnat faoliyatini Termiz davlat universiteti moliya va soliq tizimi kafedrasi o‘qituvchisi bo‘lib ishlashdan boshlagan.
U 2017 yildan Termiz davlat universiteti rektori lavozimida ishlab kelmoqda. Senator.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Inomjon Madjidov lavozimidan ozod etilgan.