Prezidentimizning joriy yil 12 yanvardagi “Toshkent shahrida “Sankt-Peterburg davlat universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga binoan poytaxtimizda “Sankt-Peterburg davlat universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filiali tashkil etilmoqda.
Sharq tillari filologiyasi, mamlakatshunoslik va xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti, biotibbiyot, aniq fanlar kabi yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Filialda:
– ta’lim jarayoni “Sankt-Peterburg davlat universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi (universitet) tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv reja va dasturlari asosida rus tilida, keyinchalik boshqa tillarda ham olib boriladi;
– kunduzgi, keyinchalik sirtqi va boshqa ta’lim shaklida kadrlar tayyorlanadi;
– ta’lim faoliyati 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi.
Filialga qabul parametrlari filial tomonidan tasdiqlanadi.
Talabalarni o‘qishga qabul qilish davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Bunda davlat granti asosida ta’lim olgan filial bitiruvchilari 3 yildan kam bo‘lmagan muddatga majburiy ishlab berish sharti bilan O‘zbekistonning davlat organlari va tashkilotlariga taqsimlanadi.
To‘lov-kontrakt miqdori filial tomonidan belgilanadi.
Filialda o‘qish bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha – filologiya (sharq tillari bo‘yicha), mamlakatshunoslik va xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti (sharq mamlakatlari bo‘yicha), biotibbiyot (kimyo, biologiya, fizika, psixologiya va boshqalar) yo‘nalishlarida tashkil etiladi.
Filial bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
O‘zA