Harbiy vatanparvarlik oyligi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Fizika, matematika, astronomiya va informatika fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi va 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tadbir o‘tkazildi.

Mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan harbiy vatanparvarlik oyligi doirasida tashkil etilgan mazkur tadbir yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi va ichki ishlar organlarining ijobiy imijlarini oshirish hamda tizimlardagi kuch va vositalarning salohiyatini namoyish qilishdek ezgu maqsadlarni ko‘zlagan.

Milliy gvardiya harbiy orkestr jamoasi ijrosida davlat madhiyasi yangraydi. Mamlakatimiz bayrog‘i yuksaklarga ko‘tarildi.

Yurtni himoyalash, tinchlik, osoyishtalik deb atalgan eng oliy ne’matni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash harbiylarimiz uchun eng oliy maqsad-muddaodir. Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tayotgan harbiy vatanparvarlik oyligi esa yosh avlod qalbida o‘zi tug‘ilib o‘sgan diyorni, o‘z xalqini himoyalashga astoydil kirishgan harbiy soha vakillarining mashaqqatli hamda sharafli mehnati bilan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali namoyishlar, maktab o‘quvchilari sahna ko‘rinishlarini taqdim etishdi.

Faxriylarning hayot yo‘llari, harbiylik kasbining mashaqqati va mas’uliyati haqidagi hayotiy hikoyalari yoshlarni tinchlik-xotirjamlikning qadriga yetish, harbiy xizmatni sidqidildan o‘tash, doimo vijdonli va mard bo‘lish, Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek himoya qilishga da’vat etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

O‘zA