So‘nggi vaqtlarda kuy-qo‘shiq, asarlar va boshqa mualliflik huquqi ob’ektlarini muallif ruxsatisiz o‘zlashtirish holatlari ko‘p uchramoqda.
“Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunda asarni nashr qilish, omma oldida ijro etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishda asarning o‘ziga, nomiga va muallifning ismi-sharifi ko‘rsatilishiga biron-bir o‘zgartish kiritishga faqat muallifning roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi belgilangan.
Intellektual mulk agentligi matbuot kotibi Feruz Jo‘rayevning ma’lum qilishicha, muallif huquqi buzilgan yana bir holat – qo‘shiqchi D.Ergashev xonanda O‘ktam Aliyevning “O‘ylamadim” nomli qo‘shig‘ini muallifning roziligisiz, asar yaxlitligini buzgan holda ijro etib, uni internet tarmoqlariga joylashtirgani haqida Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamoat birlashmasi tomonidan Intellektual mulk agentligiga murojaat qilingan. Shundan so‘ng Agentlik murojaatni o‘rganib, mazkur holat yuzasidan Ma’muriy sudga bayonnoma kiritgan.
Sud D.Ergashevni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177 (1) moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan, deb topib, jarima jazosi tayinlagan.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin huddi shunday holat bo‘yicha “Nasafiy” taxallusi bilan ijod qilayotgan qo‘shiqchi Aziziddin Akmalov ham jarimaga tortilgani haqida xabar qilgan edik.
O‘zA