Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 6 noyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilish avvalida qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar faoliyatidagi muammolar tahlil qilindi. 2019 yilgi o‘lim holatlarining 60 foizi shu bo‘g‘inda oldini olish mumkin bo‘lgan yurak-qon tomir kasalliklari hisobiga to‘g‘ri kelgan. Onkologiya yo‘nalishidagi bemorlarning yarmida kasallik ikkinchi va uchinchi bosqichga o‘tib bo‘lganidan keyin aniqlanmoqda. Birinchi bo‘g‘inda sifat pastligi uchun aholi to‘g‘ridan-to‘g‘ri markaziy shifoxonalarga borishga majbur bo‘lmoqda.
Chunki sharoit bilan talab, ish hajmi mutanosib emas. Masalan, qishloq vrachlik punktining umumiy amaliyot shifokori zimmasiga 146 turdagi kasallikka diagnoz qo‘yish va davolash, 213 turdagisiga birlamchi diagnoz qo‘yish va yo‘llanma berish, shuningdek, reabilitatsiya, dispanserizatsiya va profilaktika bo‘yicha juda ko‘p vazifalar yuklatilgan.
Shu bois davlatimiz rahbari qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalardagi tibbiy xizmat tizimi, shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarining vazifa va funksiyalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarurligini aytdi.
Ilg‘or xorijiy tajriba asosida umumiy amaliyot shifokorini haqiqiy oilaviy shifokorga aylantirish choralari belgilandi. Ularga yordam berish uchun terapiya, pediatriya, akusherlik va patronaj bo‘yicha tibbiyot brigadalari tashkil etiladi. Bu brigadalar o‘zlariga biriktirilgan oilalar kesimida “tibbiy xarita”lar shakllantirib, manzilli ish olib boradi. Aholining salomatlik holati baholanib, elektron bazasi yaratiladi. Buning uchun tibbiyot xodimlari planshet, mobil diagnostika vositalari bilan ta’minlanadi.
5 yoshgacha bo‘lgan bolalar, homilador, tug‘ish yoshidagi va 35 yoshdan oshgan ayollar, 40 yoshdan oshgan shasxlar doimiy nazoratga olinib, skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi. Kasallikka moyil bo‘lganlar individual patronajga olinadi.
Bundan buyon, bepul tibbiy yordam uchun yo‘llanmani hamda bepul tarqatiladigan dorilarga retseptni ham oilaviy shifokor beradi. Mahalladagi aholining salomatlik ko‘rsatkichlari, kasalliklarning erta aniqlanishiga qarab, oilaviy shifokorlar mehnati rag‘batlantiriladi.
Mutasaddilarga ushbu tizimni shahar va tumanlarda bosqichma-bosqich joriy etish, tibbiyot brigadalarini ilg‘or tajriba asosida qo‘shimcha o‘qitish, oilaviy shifokorlar faoliyatini baholash mezonlari va rag‘batlantirish tartibini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda kadrlar masalasi atroflicha ko‘rib chiqildi. Qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda 20 mingdan ziyod shifokor shtati bor, lekin atigi 12 ming mutaxassis ishlamoqda. Chunki bugungi kunda umumiy amaliyot shifokori kasbi oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari uchun jozibador emas. Xodimlarni rag‘batlantirish, malakasi va lavozimini oshirishga e’tibor yo‘q.
Shu bois Prezident shifokorlarga munosib sharoitlar yaratish orqali ularni eng quyi bo‘g‘in – qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinikalarga jalb qilish zarurligini ta’kidladi.
Buning uchun chekka hududlardagi birlamchi bo‘g‘in tibbiyot tizimi uchun “Qishloq shifokori” dasturi joriy qilinadi. Bu dasturga muvofiq olis hududlardagi birlamchi bo‘g‘inga ishga kirgan tibbiyot xodimlariga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘i beriladi, ular xizmat uyi bilan ta’minlanadi yoki ijara to‘lovi kompensatsiya qilinadi.
Shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojlarni mahallalar kesimida aniqlab, tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida kvotani oshirish, ipoteka asosida qurilayotgan uy-joylarni avvalo birlamchi bo‘g‘in shifokorlari uchun ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Aholi ehtiyojidan kelib chiqib, kelgusi yili 100 ta qishloq vrachlik punkti va 24 ta oilaviy poliklinika tashkil etilishi belgilandi.
Sirdaryo viloyati misolida har bir bo‘g‘in vazifalari aniq belgilangan, davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketlarini ishlab chiqish topshirig‘i berildi. Buni moliyalashtirish uchun davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilib, alohida jamg‘arma tashkil qilinadi.
Shifokorlar ish kunining 60 foizini hisobot to‘ldirishga sarflayotgani ta’kidlanib, bu jarayonlarni raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tahliliga ko‘ra, davolash inson salomatligini ta’minlashning 10 foiz omili, xolos. Irsiy omillar 15 foiz, atrof-muhit 20 foiz, eng asosiysi, turmush tarzi 55 foizni tashkil etadi. Koronavirus kasalligi ham noto‘g‘ri turmush tarzi og‘ir oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatdi.
– To‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollik orqali qanchadan-qancha kasalliklarning oldini olish, insonlar hayotini saqlab qolish mumkinligini barcha tushunishi kerak, – dedi Prezident.
Birlamchi bo‘g‘in xodimlari aholini to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy tarbiyaga o‘rgatishi muhimligi ta’kidlandi.
Aniqlanishicha, 40 foiz ayollarda foliy kislotasi va temir moddasi yetishmasligi kuzatilmoqda, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 55 foizida temir moddasi yetishmasligi sababli kamqonlik kelib chiqyapti. Bog‘cha va maktab yoshidagi 70 foiz bolalarda ichak parazitar kasalliklar mavjud.
Shu bois kelgusi yil 1 iyundan boshlab, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni vitaminlar va mikronutriyentlar bilan, 10 yoshgacha o‘g‘il-qizlarni parazitlarga qarshi dorilar bilan, homilador, emizikli ayollar va 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarni yod preparatlari bilan, 35 yoshgacha ayollarni foliy kislotasi va ferrum bilan bepul ta’minlash choralari belgilandi. Ushbu dori vositalari va vitaminlar oilaviy shifokorlar tomonidan tarqatiladi.
Yig‘ilishda har bir hududdagi kasalliklar tarkibiga qarab, ixtisoslashgan davolash muassasalari tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Misol uchun, Farg‘ona va Sirdaryoda nafas yo‘llari, Qashqadaryoda endokrinologik, Toshkent shahrida oshqozon-ichak, Andijonda yurak qon-tomir, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda buyrak kasalliklari eng ko‘p qayd etilgan.
Shu kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha hududlarda ilg‘or xorijiy klinikalar filiallarini tashkil etish, bunga xususiy sektorni jalb qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
17 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazini hududiy shifoxonalar bilan bog‘lash, telemeditsina orqali tajriba almashinuvni rivojlantirish, kasalliklar turi va dinamikasidan kelib chiqib, joylarda ixtisoslashgan markazning mintaqaviy filiallarini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari ushbu yig‘ilish Tibbiyot xodimlari kuni arafasida o‘tkazilayotganiga urg‘u berib, barcha shifokorlarni bayram bilan tabrikladi.
– bugungi davr talabi shundayki, bayram kunlari, tantanali ayyomlarda ham, hayotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan turli muammolar haqida o‘ylashimiz, ularning samarali yechimlarini topishimiz zarur. Barcha sohalar qatori tibbiyot tizimi oldida ham g‘oyat murakkab vazifalar yuzaga kelmoqda. Inson salomatligi uchun o‘zini mas’ul va javobgar deb hisoblaydigan har bir tibbiyot xodimi bilim va malakasini doimiy oshirib borishi, yangi texnologiyalar va davolash usullarini har tomonlama puxta egallashi eng o‘tkir masalaga, hayotiy zaruratga aylanmoqda. Aminmanki, Abu Ali ibn Sinodek buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari, O‘zbekiston tibbiyot maktabi an’analarining davomchilari bo‘lgan siz, azizlar, o‘z faoliyatingizni ana shunday yuksak mezonlar asosida tashkil etib, olijanob burchingizni bundan buyon ham sharaf bilan ado etasizlar, – dedi Prezident.
Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, soha xodimlarining mehnatini munosib qadrlash, malakali kadrlar tayyorlash, xorijiy tibbiyot markazlari va oliygohlari bilan ilmiy-amaliy hamkorlikni kuchaytirish masalalari davlatimizning doimiy e’tiborida bo‘lishi ta’kidlandi.
Pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab bu kurashga 100 mingdan ziyod tibbiyot xodimlari safarbar etilgani, ular o‘zlarini ayamasdan, jonlarini garovga qo‘yib, haqiqiy qahramonlik ko‘rsatayotgani e’tirof etildi.
– Ishonaman, jonkuyar shifokorlarimiz bugungi belgilangan vazifalarni ham fidoyilik va matonat bilan, bor bilim va tajribalarini ishga solib, albatta uddalaydilar. Eng katta boylik bo‘lgan xalqimiz salomatligini saqlashda haqiqatda jonbozlik ko‘rsatadilar, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Videoselektor yig‘ilishida soha mutasaddilari, viloyat hokimlari, tibbiy markazlar va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.