Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat test markazi mutasaddilari ishtirokidagi brifing oʻtkazildi.
Taʼkidlanishicha, 2020-yil 2-13-sentyabr kunlari oʻtkazilgan test sinovlari jarayonlarida 1 million 304 ming 194 abituriyentdan 95,1 foizi ishtirok etdi. 63 ming 580 nafari esa turli sabablarga koʻra ishtirok etmagan. 1 ming 281 abituriyent turli sabablarga koʻra test sinovlaridan chetlatilgan.
Brifingda Davlat test markazining sentyabr oyidagi test sinovlari uchun xaridlari haqida maʼlumot berildi.
– Bir million 300 ming abituriyent uchun kepkani yetkazib berish boʻyicha 7 ta korxona bilan ishlaganmiz, – dedi Davlat test markazi direktori oʻrinbosari Sardor Rajabov. – Lekin barchaga yetkazib berishning imkoni boʻlmadi. Test markazi tomonidan 198 mingta kepka xarid qilingan. Abituriyentlarga bosh kiyim tarqatish uchun “BOBURXON BN NODIRXON” korxonasidan tashqari, ”Sulton kep“, ”Yengil sanoat savdo“ ”Elegant ziyo biznes tekstil“ ”Ulugʻbek baraka tekstil“, ”Bayov tekstil trikotaj servis“, ”Mega servis savdo” korxonalari bilan hamkorlik qilingan va ulardan kepkalar sotib olingan edi.
Barcha viloyatga kepkalar yuborilgan, biroq yetarli boʻlmagan. 198 mingta bosh kiyim xarid qilingan, undan koʻpini hech kim yetkazib bera olmagan. Toʻgʻri, baʼzi smenalarda Toshkentda ham yetmadi. Shu bois quyosh tushmaydigan joylarga bosh kiyim berilmadi.
Sardor Rajabov bergan maʼlumotga koʻra, abituriyentlardan 80 milliard soʻmdan koʻproq pul tushgan. Stadionlar ijarasi uchun esa faqat 2 yoki 3 tasi bilan shartnoma tuzilgan., Qolgan holatlarda stadionlar hokimliklar tomonidan taqdim etilgan.

 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA