Mamlakatimizning Latviyadagi elchisi Qadamboy Sultonov 2020-yil 29-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining Estoniya Respublikasidagi birinchi Favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Riga shahrida) sifatida ishonch yorliqlarini topshirdi.
Bu haqda mamlakatimiz TIV rasmiy saytida xabar berilgan.
Estoniya Prezidenti Kersti Kalyulaydga ishonch yorliqlarini topshirish marosimi davlat rahbarining “Kadriorg” saroyida boʻlib oʻtdi. Protokolga muvofiq, saroyning kirish qismida Vatanimiz bayrogʻi koʻtarildi, harbiy orkestr ijrosida mamlakatimiz madhiyasini yangradi va Elchi Estoniya rahbarining faxriy mehmonlari kitobiga yozuv qoldirdi.
Rasmiy marosimdan soʻng boʻlib oʻtgan qisqa suhbat chogʻida Prezident ilk bor respublikamizning Estoniyadagi elchisini tayinlashi bilan Oʻzbekiston – Estoniya hamkorlik darajasini koʻtargani uchun mamlakatimiz rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
Kersti Kalyulayd Estoniya Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida iqtisodiyotni liberallashtirish va modernizatsiya qilish, jamiyatni demokratlashtirishga qaratilgan hamda faol ravishda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni yuqori baholadi.
Shuningdek, u Toshkentning Markaziy Osiyoda doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakati, Afgʻonistondagi tinchlik jarayonidagi muhim rolini eʼtirof etib, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlariga katta qiziqish bildirdi.
Tomonlar Oʻzbekiston va Estoniya xalqlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash boʻyicha fikr almashdilar.