Ana shunday amaliy tadbirlardan biri OʻzLiDeP vakillarining “SHOS+” partiyalararo xalqaro Forumida “Iqtisodiyot insonlar uchun” mavzuida videomuloqot shaklida tashkil etilgan uchrashuvi boʻldi. Unda SHHT, BRIKS tashkilotlari va MDH mamlakatlarining vazirlik va idoralari, partiyalarni boshqaradigan yuqori boʻgʻinlar va ishbilarmon doiralarning rahbariyati, shuningdek, yetakchi olimlar va siyosat sohasi ekspertlari ishtirok etdi. SHHT Bosh kotibi V.Norov, “Yedinaya Rossiya” partiyasi raisi D.Medvedev, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri S.Lavrov, Mehnatkashlar partiyasi raisi (Braziliya) G.Xoffman, Turkiyaning xalqaro masalalar boʻyicha Adolat va taraqqiyot partiyasi raisi oʻrinbosari D.Yilmaz, Bxaratiya Djanat Partiyasining xalqaro aloqalar boʻyicha Kotibi (Hindiston) Ch.Vidjay shular jumlasidandir.OʻzLiDeP nomidan Forumda ishtirok etgan maʼruzachilar Oʻzbekistonni rivojlantirish Strategiyasi nizomlari, davlatimiz rahbarining BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasi soʻzlagan nutqi, 2020-yil 21-yanvarda Qonunchilik palatasi va Oliy Majlis Senatining qoʻshma yigʻilishidagi konseptual maʼruzalari, tegishli dasturiy nizomlar va partiya oldida turgan dolzarb vazifalarga tayangan holda, mazkur tadbirda koʻtarilgan keng doiradagi masalalar boʻyicha oʻz nuqtayi nazarini bildirdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi Aktam Xaitov oʻz chiqishida partiya Shavkat Mirziyoyevning Saylovoldi dasturi asosida ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda ulkan va maqsadli ishlarni amalga oshirayotganini alohida qayd etdi.
OʻzLiDeP vakillari va fraksiya aʼzolari soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda koʻpgina yoʻnalishlarda ulkan oʻzgarishlar yuz berganini qayd etishdi: ayniqsa, valyuta siyosatini liberallashtirish; aholi va partiya oʻrtasidagi siyosiy faollikning oʻsishi; gender masalalariga eʼtiborning kuchaytirilishi; inson huquqlari sohasidagi islohotlarning tubdan oʻzgarishi; majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berilishi; vijdon va eʼtiqod erkinligini taʼminlagan holda, bu sohadagi vaziyatni tubdan yaxshilanishi; korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashni yangi bosqichga olib chiqilishi shular jumlasidandir.
Forumda qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda yuz berayotgan demokratik oʻzgarishlar takrorlanmas xususiyat kasb etadi. Ayni damda, mavzu doirasidan kelib chiqqan holda gapiradigan boʻlsak, davlatimiz barcha sohalarda iqtisodiy erkinlik va erkin raqobatni taʼminlagan holda, barcha uchun teng boshlangʻich imkoniyatlarni yaratishga intilmoqda.
Tadbir doirasida oʻzaro manfaatli sheriklikning bir qator istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha qizgʻin muhokamalar boʻlib oʻtdi, tegishli partiyalararo muloqot maydonida xalqaro kun tartibi boʻyicha fikr almashildi.
Xulosa tarzida shuni qayd etish lozimki, “Iqtisodiyot insonlar uchun” mavzusidagi forum Oʻzbekistonning SHHT va MDH kabi nufuzli tashkilotlar bilan strategik sheriklik va oʻzaro manfaatli munosabatlarining yana-da rivojlanayotganidan dalolat beradi.