"Vatan uchun yashaylik” tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

Poytaxtimizda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashkil etgan “Vatan uchun yashaylik” respublika koʻrik-tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi.
Adabiyotshunoslar, yozuvchi-shoirlar, yosh ijodkorlar hamda OAV vakillari ishtirokidagi tadbirda tanlov maqsadi va vazifalari haqida gap bordi.
Tanlovga 2019-yilning 15-avgustidan 2020-yilning 15-avgustiga qadar respublikamizdagi vaqtli matbuot va adabiy nashrlarda eʼlon qilingan yoki kitob holida chop etilgan badiiy-publitsistik maqolalar, ocherklar, nasriy va sheʼriy yoʻnalishdagi asarlar taqdim etildi. Ularda “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” mazmun-mohiyati, zamondoshlarimizning fidokorona mehnatlari, zaxmatkash xalqimiz amalga oshirayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy hayot, maʼrifat va maʼnaviyat sohalaridagi olamshumul oʻzgarishlar, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyati targʻiboti, yurtimiz obodligi, milliy qadriyatlarimiz va yosh avlod kamoli, milliy gʻurur va iftixor, Vatan tuygʻusi, istiqlol gʻoyalari hayotiy misollar, teran fikr-mulohazalar bilan bayon qilindi.
Mazkur tanlovga koronavirus pandemiyasi sababli, karantin qoidalaridan kelib chiqib, asarlar onlayn shaklda qabul qilindi.
photo_2020-10-15_08-56-24.jpg
“Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekiston!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi, shuningdek, “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” davlat dasturi, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Besh ijobiy tashabbus” kabi muhim dastur va rejalar doirasida olib borilayotgan tub islohotlarning mazmun-mohiyati yoritilgan, aholining hayot darajasi va sifati yaxshilanishi, tadbirkorlik va xususiy mulk rivojiga keng imkoniyat ochib berilayotgani, yoshlar, xotin-qizlar, keksa avlod vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatishga qaratilgan dasturlarning ijobiy natijalari, maʼrifat va maʼnaviyat sohalaridagi oʻzgarishlar, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyati targʻiboti, yurtimiz obodligi, milliy qadriyatlarimiz, yurt manzaralari teran fikrlarda tarannum etilgan asarlar hayʼat aʼzolari tomonidan xolisona baholandi.
Adabiyotshunos Nurboy Jabborov – mamlakatimiz va xorijiy nashrlarda chop etilgan “Adabiyot va milliy maʼrifat” mavzuidagi turkum adabiy-publitsistik maqolalari uchun 1-oʻrin, shoir Abdumajid Azim – “Tong tabassumi” sheʼrlar toʻplami uchun 2-oʻrin, Asror Moʻmin – “Oʻzbekiston farzandiman” hamda “Orzu va ohu” toʻplamlari uchun 3-oʻringa loyiq topildi.
photo_2020-10-15_08-58-30.jpg
Tanlovning ragʻbatlantiruvchi mukofotlariga Ahmadjon Meliboyev – “Tojdor ajal hamlasi yoxud dunyoni titratgan 40 kun” publitsistik toʻplami uchun, Farogʻat Xudoyqulova – “Qoyatoshim” sheʼrlar toʻplami uchun, Mirzapoʻlat Toshpoʻlatov – “Tonggi farishta” qissasi uchun, Muqaddas Abdusamatova – Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan chop etilgan “Uygʻoq tuygʻular” maʼrifiy toʻplami uchun, Maʼmura Zohidova – “Boychechak” qissasi uchun, Otabek Ismoilov – “Hayrat lahzalari” adabiy maqolalar toʻplami uchun munosib koʻrildi.
Tanlov gʻoliblariga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

 

D. Mamatova, OʻzA