Hisoblagichlar mashmashasi: aholi nega sarson?

Soʻngi kunlarda elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suv hisoblagichlarini qiyoslash masalasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.  
Kelib tushayotgan eʼtirozlarning asosiy qismi mazkur xizmatni koʻrsatishda belgilangan muddatlar buzilayotganiga bagʻishlangan.

Eslab koʻraylik?

Avval, hisoblagichni yechish uchun taʼminotchi tashkilotga (“RES”, “raygaz” “suvsoz”) ariza topshirish kerak edi. Soʻng, davlat tekshiruvini oʻtkazish uchun, qurilmani “Oʻzstandart” agentligiga olib borishi kerak edi. U yerda arizachidan turli miqdordagi mablagʻ yigʻib olinar edi. Bundan tashqari, tekshirish narxini belgilashda shaffoflik va oshkoralik mavjud emasdi. Tekshiruvdan soʻng, arizachi mustaqil ravishda qurilmani olib, keyin masʼul tashkilotga hisoblagich oʻrnatish uchun ariza topshirar edi.

Sir emas, koʻpchilik ortiqcha ovoragarchilikning oldini olish uchun masʼul xodimlar bilan muayyan mablagʻ evaziga “kelishar” edi. Yuqorida koʻrsatilgan barcha tadbirlarni esa tashkilot xodim oʻzi amalga oshirgan.

Endi-chi?

2019-yil 1-noyabridan boshlab, kommunal xizmatlari “schetchiklarini” qiyoslash uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki elektron tarzda my.gov.uz portali orqali qabul qilinmoqda.

Bundan koʻzda tutilgan asosiy maqsad — avvalgi tartibda mavjud boʻlgan korrupsion holatlarga chek qoʻyish, mazkur xizmatlarni koʻrsatish uchun aniq muddatlar va tartibni belgilash. Ushbular orqali esa, fuqarolarga qulaylik yaratish edi aslida.

Maʼlumot uchun, joriy yilning 1-oktyabr sanasiga qadar:

– tabiiy gaz hisoblagichi boʻyicha 114 173 ta ariza kelib tushgan. Shundan, 66 992 tasi ijobiy hal etilgan, 2 421 tasi rad etilgan, 1 773 tasi bekor qilingan, 4 114 tasi yangi va 38 873 tasi taʼminotchi korxona tomonidan koʻrib chiqilmoqda.

– ichimlik suv hisoblagichi boʻyicha 73 887 ta ariza kelib tushgan. Shundan, 27 949 tasi ijobiy hal etilgan, 1 328 tasi rad etilgan, 1 390 tasi bekor qilingan, 21 525 tasi yangi va 21 695 tasi taʼminotchi korxona tomonidan koʻrib chiqilmoqda.

– issiq suv hisoblagichi boʻyicha 47 013 ta ariza kelib tushgan. Shundan, 18 052 tasi ijobiy hal etilgan, 590 tasi rad etilgan, 953 tasi bekor qilingan, 2 211 tasi yangi va 25 207 tasi taʼminotchi korxona tomonidan koʻrib chiqilmoqda.

Biroq turli sabablarga koʻra, ushbu davlat xizmatlarini koʻrsatishda taʼminotchi tashkilotlar hamda metrologiya organlari faoliyatida tizimli kamchiliklar yuzaga kelmoqda.

Xoʻsh, muammolarning sababi nimada?

1. Vakolatli organlarda kadrlar yetishmaganligi va ish hajmining koʻpligi kelib tushgan arizalarni oʻz vaqtida koʻrib chiqish imkonini bermayapti.

Misol uchun, “TOSHISSIQQUVVATI” DUKga qiyoslashdan oʻtkazish boʻyicha 1 kunda oʻrtacha 500 ga yaqin ariza kelib tushadi. Korxonada faoliyat koʻrsatayotgan 80 nafar inspektor 1 kunda 6 ta (6×2=12) hisoblagichni yechishi va oʻrnatishi lozim. Har bir hisoblagichni yechish, oʻrnatish va dalolatnoma tuzish uchun oʻrtacha 40-50 daqiqa sarflanadi.

Shuningdek, yaroqsiz deb topilgan hisoblagichlar bevosita taʼminotchi korxonalar tomonidan taʼmirlanib, qayta qiyoslashga taqdim etilmoqda. Bundan tashqari, ushbu xodimlar hisoblagich plombalarini yechish va oʻrnatish boʻyicha 1 kunda kelib tushadigan oʻrtacha 120-130 ta arizalarni ham oʻrganib chiqishlari lozim.

2. Metrologiya stansiyalari kamligi.

Taʼminotchi korxonalar yechilgan hisoblagich va dalolatnomalarni “Oʻzstandart”ga topshirishi belgilangan. “Oʻzstandart” agentligining respublika boʻyicha atigi 17 ta davlat metrologiya xizmati organlari faqatgina viloyatlar markazlarida faoliyat koʻrsatmoqda. Yaʼni, har bir tumanda metrologiya xizmati mavjud emas, ayrim hollarda taʼminotchi 60-70 kilometr masofaga hisoblagichlarni yetkazib berishi va qayta olib ketishi kerak boʻladi.

Bu holat, metrologiya organlarida ish hajmining ortib ketishiga olib kelib, hisoblagichlarni oʻz muddatida qiyoslashdan oʻtkazish imkoniyatini bermayapti.

Oqibatda faqatgina ichimlik suvi hisoblagichlarini qiyoslashdan oʻtkazishda 15 mingdan ortiq holatda muddat buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.

3. Koronavirus bilan bogʻliq karantin sabab, Maxsus komissiya qaroriga koʻra, qiyoslash boʻyicha kelib tushgan arizalarni koʻrib chiqish muddatlari 2020-yil 1-sentyabrga qadar uzaytirilgan.

Albatta, bu cheklovlar virusning aholi oʻrtasida tarqalmasligi uchun joriy etilgan edi. Natijada koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan arizalar soni keskin oshib, taʼminotchi korxonalar xodimlari arizalarni oʻz vaqtida koʻrib chiqishi imkoni boʻlmayapti.

Kimdir javobgar boʻladimi?

2020-yilning 9 oyi davomida elektr energiyasi, tabiiy gaz, suvni hisobga olish uskunasini yechish, qiyoslashdan oʻtkazish va oʻrnatish davlat xizmatini koʻrsatish jarayonida 16 662 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Shundan 15 788 tasi muddat buzilish, 10 tasi toʻgʻridan-toʻgʻri xizmat koʻrsatish, 27 tasi asossiz rad etish va boshqa turdagi qonunbuzilishlarni tashkil etadi.

Ushbu davlat xizmatini koʻrsatish jarayonida jami 266 ta taʼsir choralari koʻrilgan boʻlib, shundan vakolatli organlarga 69 ta taqdimnoma, 42 ta ogohnoma kiritilgan boʻlsa, 155 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Koʻrilgan taʼsir choralar natijasida jami 190 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan. Ulardan 32 nafari intizomiy javobgarlikka tortilgan, 3 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 155 nafari esa maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Muddat buzilganda nima qilish kerak?

Bugungi kunda ushbu xizmatlarni oʻz vaqtida koʻrsatish uchun barcha zarur choralar koʻrilmoqda, nazorat kuchaytirilmoqda. Biroq eslatib oʻtmoqchimiz, Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz portali orqali ariza bergan boʻlsangiz, lekin arizangiz oʻz vaqtida koʻrib chiqilmagan holatlarga duch kelsangiz Davlat xizmatlari agentligining 1148 ishonch raqami yoki my.gov.uz portali orqali arizangizni ichida mavjud boʻlgan “Maxsus xabar” tugmachasi orqali bizga xabar berishingiz mumkin. Mutaxassislarimiz holatni oʻrganib chiqib, tegishli chora koʻradi.

Davlat xizmatlari agentligi
Matbuot xizmati

 

O’zA