RESPUBLIKA MAXSUS KOMISSIYASI AXBOROTI

Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning
kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan
chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha
Respublika maxsus komissiyasining
AXBOROTI

Pandemiya sharoitida amalga oshirilayotgan karantin tadbirlarini bosqichma-bosqich yumshatish, sanitariya talablariga qatʼiy rioya etgan holda karantin talablarini qisqartirish choralarini amalga oshirish, xususan, xalqaro qatnovlarni tiklash orqali aholi hamda tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoit yaratish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qarori bilan respublika aeroportlarida, temir yoʻl stansiyalarida va chegara punktlarida shaxslar va transport vositalarini harakatlanishi boʻyicha bundan oldin kiritilgan cheklovlar yumshatilib, 2020-yil 1-oktyabrdan mavjud karantin va sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy rioya etgan holda Oʻzbekiston Respublikasiga aviatsiya, temir yoʻl va avtoyoʻl oʻtkazish punktlari orqali kirib-chiqishga ruxsat berildi.

Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 31-avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan Koronavirus pandemiyasi davrida muntazam xalqaro aviaqatnovlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida vaqtinchalik yoʻriqnoma talablari barcha turdagi xalqaro aviaqatnovlarga va xalqaro temir yoʻl qatnovlarini amalga oshirish holatlariga ham tegishliligi boʻyicha tatbiq etilishi belgilandi.

Respublika aeroportlarida, temir yoʻl stansiyalarida va chegara punktlarida shaxslar va transport vositalarini harakatlanishiga ruxsat berilayotganligi munosabati bilan xalqaro turizmni tashkil etishga nisbatan qoʻllanilgan cheklovlar bekor qilindi. Shu bilan birga turizmni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida turistik kompaniyalarga turistlarni olib kelish bilan bogʻliq yengilliklar taqdim etilmoqda.

Bunda Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy davlatlar fuqarolari boʻlgan turistlarni olib kelish faoliyati bilan shugʻullanayotgan turistik firmalar ular tomonidan mamlakatimizga turistik guruh (5 kishidan kam va 15 kishidan ortiq boʻlmagan va turli kasalliklar, jumladan, Covid-19 qamrab oladigan toʻliq sugʻurtasi boʻlishi sharti bilan)sifatida tashkil etilayotgan turizm sayohatlarini amalga oshirishdan avval turistlarni PZR test tekshiruvidan oʻtkazilishini taʼminlashi hamda PZR test tekshiruvi natijasi manfiy boʻlgan turistlarga nisbatan 14 kunlik karantinda saqlash boʻyicha cheklov qoʻllanilmasligi hamda Oʻzbekiston Respublikasiga kirishda koronavirus infeksiyasiga PZR, ekspress-test yoki antigen tekshiruvlaridan oʻtkazilmasligi belgilandi.

Xorijiy turistlar Oʻzbekiston Respublikasida mavjud karantin cheklovlari va sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy rioya etgan holda harakatlanishlari lozim boʻlib, bu boradagi talablar bajarilishi turistik firmalar zimmasiga yuklatildi.

Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vaqtida koronavirus infeksiyasining alomatlari (yoʻtal, isitma va b.q.) paydo boʻlganda xorijiy turist oʻtkazish punkti (aeroport, vokzal yoki boshqa) hududida oʻz hisobidan koronavirus infeksiyasiga PZR yoki ekspress-test yoki antigen tekshiruvidan oʻtish uchun namuna topshiradi, bunda test natijalari musbat chiqadigan boʻlsa oʻz hisobidan karantinga olinib davolanishdan oʻtadi yoxud oʻz mamlakatiga qaytadi.

Joriy yilning 1-oktyabridan boshlab Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston respublikalari hamda Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan chegarada joylashgan avtoyoʻl oʻtkazish punktlari orqali Oʻzbekiston Respublikasiga kirayotgan shaxslar sanitariya qoidalariga va normalariga qatʼiy rioya etgan hamda koronavirus infeksiyasiga PZR yoki ekspress-test yoki antigen tekshiruvidan oʻtgan holda 14 kunga mehmonxona yoki uy karantiniga yuboriladi.

Xorijiy davlatlardan (avia, temir yoʻl va avtotransport vositasi orqali) keluvchi shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasida qabul qilishning quyidagi tartibi tatbiq etiladi:

soʻnggi 14 kun davomida “yashil” davlatda (Xitoy, Tayland, Malayziya, Janubiy Koreya, Gruziya, Vengriya, Finlyandiya, Latviya, Avstriya va Yaponiya) boʻlib turgan shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi hududiga toʻgʻridan-toʻgʻri kiritiladi;

“sariq” (Ozarbayjon, Belarus, BAA va Yevropa Ittifoqi davlatlari (Buyuk Britaniya va Ispaniya bundan mustasno) hamda “qizil” davlatlardan (qolgan barcha davlatlar) kirib kelayotgan shaxslar – soʻnggi 72 soat davomidagi koronavirus infeksiyasiga PZR test tekshiruvining manfiy natijalari toʻgʻrisida maʼlumotnoma taqdim etgan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kiritiladi.

Bunda:

shaxs soʻnggi 72 soat ichida koronavirus infeksiyasiga tekshiruvdan oʻtmagan boʻlsa yoxud shaxsda koronavirus infeksiyasining alomatlari (yoʻtal, isitma va b.q.) mavjud boʻlsa, Oʻzbekistonga kelganidan soʻng oʻtkazish punkti (aeroport, vokzal yoki boshqa) hududida oʻz hisobidan koronavirus infeksiyasiga PZR yoki ekspress-test yoki antigen tekshiruvidan oʻtish uchun namuna topshiradi hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kiritilib, 14 kunga mehmonxonaga yoki uy karantiniga yuboriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelayotgan shaxslardan 14 kun davomida mehmonxonada yoki uy karantinida boʻlish majburiyatini zimmasiga olish toʻgʻrisida “tilxat” olinadi;

PZR, ekspress-test yoki antigen tekshiruvi natijalari musbat (ijobiy) boʻlgan taqdirda, shaxs belgilangan tartibda karantin markazi yoki xohishiga koʻra mehmonxonaga karantinga joylashtiriladi.

Masʼul idoralarga xorijiy mamlakatlar mutasaddi idoralari bilan muzokaralar oʻtkazgan holda barcha turdagi xalqaro qatnovlar (avia, temir yoʻl, avtobus qatnovlari) sonini koʻpaytirish boʻyicha alohida topshiriq berildi.

Shu bilan birga karantin cheklovlari yumshatilishi munosabati bilan ayrim fuqarolar tomonidan mavjud karantin cheklovlari hamda sanitariya-epidemiologik talablarga rioya etilmayotganligi, shu jumladan, jamoat joylarida, jamoat transportida ijtimoiy masofa saqlanmayotganligitibbiy niqob taqmagan holda harakatlanayotganligitoʻy va boshqa oilaviy marosimlarni oʻtkazish talabi va tartibi buzilayotganligi hamda buning oqibatida aholi oʻrtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishi holatlari keskin koʻpayayotganligini inobatga olib, masʼul vazirlik va idoralarga profilaktik va nazorat tadbirlari (reydlar)ni amalga oshirish topshirildi.

 

O’zA