Qoraqalpogʻistonda test sinovlari 12 kunda yakunlanadi

Qoraqalpogʻistonda test sinovlari Nukus shahridagi “Turon” markaziy stadioni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bolalar va oʻsmirlar futbol akademiyasi stadioni hamda Respublika oʻyin turlari va yengil atletika boʻyicha bolalar va oʻsmirlar sport maktabining tennis kortida boshlandi.
Test sinovlariga kirishdan oldin har bir abituriyentga tibbiy niqob va qoʻlqop, qalam, 0,5 litr sigʻimlikdagi ichimlik suvi berildi.
Test sinovlarining adolatli oʻtishini taʼminlash maqsadida 360 graduslik radiusga ega videonazorat kameralari oʻrnatildi.
Yangi oʻquv yili uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasida 82 ming 397 abituriyent onlayn roʻyxatga olingan boʻlib, shundan 70 ming 482 abituriyent test sinovlariga qatnashishi, 11 ming 915 abituriyent esa ijodiy imtihonlar asosida bilimlarini sinovdan oʻtkazishi kutilmoqda, − dedi Davlat test markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi boʻlimi boshligʻi Muzaffar Abdullayev.
– Test sinovlari oʻtkaziladigan “Turon” markaziy stadionida 2 sektor boʻlib, har bir sektorda 900 nafardan 1 smenaning oʻzida 1800 abituriyent test topshiradi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bolalar va oʻsmirlar futbol akademiyasi stadionida esa 780 va Respublika oʻyin turlari va yengil atletika boʻyicha bolalar va oʻsmirlar sport maktabining tennis kortida 420 abituriyent test topshirishi uchun sharoitlar yaratilgan. Har bir abituriyent uchun 6 kvadrat metrlik joy ajratilgan.
Soat 8:00 da boshlangan test sinovlari 11:00 da tugadi. Koʻpchilik abituriyentlar soat 10:00 gacha test savollarini yechib chiqdi.
– Savollar murakkab emas. Ximiya va matematika fanlaridan test topshirdim. Men uchun 2 soat vaqt bemalol yetdi. Barcha savollar maktabda oʻqigan darsliklardan tayyorlangan. Ob-havo ham yaxshi boʻldi, – dedi Moʻynoq tumanidan kelgan abituriyent Jetker Bayniyazov.
Tuman hokimliklari tashabbusi bilan test sinovlari oʻtkazilishi munosabati bilan abituriyentlar uchun avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyildi.
Qoraqalpogʻistonda test sinovlari jarayonlarini 12 kunda yakunlash rejalashtirilgan.

 

Ye.Qanoatov, OʻzA