Nukusdagi tashxislash va davolash markaziga harbiy shifokorlar ham jalb etildi

COVID-19 infeksiyasiga gumon qilinayotgan bemorlarni davolash maqsadida Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha Nukus oliy sport maktabi bazasida tashkil etilgan vaqtinchalik tashxislash-taqsimlash va davolash markazi oʻz ishini boshladi.
Markaz faoliyatini tashkil etishda Mudofaa vazirligining Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi ham oʻz hissasini qoʻshdi. Yaʼni, markazda 4 nafar harbiy shifokor va harbiy tibbiyot muassasalarining 4 nafar kichik tibbiy personali vatandoshlarimiz salomatligini saqlash, pandemiya bilan kurashishda malaka almashish maqsadida xizmatda boʻlishadi.
Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.
Markazning ochilish marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi rahbariyati, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, tibbiyot mutaxassislari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Vaqtinchalik markazda 7 ta blokdan iborat jami 390 oʻrinli joylar mavjud. Birinchi qavatida 224 oʻrinli yotoq joylar kasallik tufayli nafas olishi qiyinalgan bemorlar va ikkinchi qavatdagi 166 ta joy kasallik alomatlari yengil kechadigan bemorlar uchun belgilangan.
Kasallik alomatlari bor bemorlarni qabul qilish joyida ultratovush tekshiruv apparati (UZI), rentgen apparati, EKG va laboratoriya xizmat koʻrsatadi. Bemorlarni tashxislash va davolash uchun barcha zarur tibbiyot vositalari va nafas olishni yengillashtiruvchi apparatlar oʻrnatilgan. Markazda jami 150 nafar malakali tibbiyot xodimi faoliyat koʻrsatadi.
Tibbiyot muassasasi, xodimlar va bemorlarning xavfsizligini taʼminlash, pandemiya tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik hamda hudud qoʻriqlovini tashkil etish maqsadida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug tomonidan vaqtinchalik operativ shtab tashkil etilgan boʻlib, unda kechayu kunduz navbatchilik yoʻlga qoʻyilgan. Qolaversa, shifokorlarning Toshkentdagi markaz bilan maslahat va tajriba almashish, bemorlarni davolashda konsiliumlar oʻtkazish maqsadida harbiy okrug tomonidan 24 soatlik onlayn videokonferensaloqa tizimi joriy etilgan.
Taʼkidlash joizki, Toshkent tajribasidan kelib chiqib, Nukus shahridagi 3 ta sport obyektida 1000 oʻrinli, Qoraqalpogʻistonning har bir tumanida 200-500 oʻrinli taqsimlash markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ular bugungi kunda jami 5 200 oʻrinni tashkil etadi.

 

OʻzA