Karantin talablari yumshatilishi shaxsiy masʼuliyatning oshishini taqozo etadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijda mehnat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolariga munosib shart-sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazmoqda.

Tadbir avvalida bugun mamlakatimizda pandemiya bilan bogʻliq vaziyat tahlil qilindi.

Jumladan, iyul va avgust oylarida koronavirusga qarshi kurash boʻyicha ishlar keskin kuchaytirilgani natijasida unga chalinganlarga nisbatan sogʻayganlar soni ancha ortgani qayd etildi. Xususan, oxirgi 5 kunda tuzalib chiqqanlar ulushi 77 foizdan 87 foizga oshdi. Davolanayotganlar soni 7 ming nafardan 4 mingtaga tushdi.

Buning ortida, albatta, shifokorlarimizning mashaqqatli mehnati yotibdi.

– Takror va takror aytaman: har bir fuqaroning sogʻligʻi va hayoti biz uchun muhim. Biz xalqimizni koronavirus balosidan asrab qolish uchun barcha kuch-imkoniyatlarni ishga solayapmiz, jahondagi eng ilgʻor davolash tajribalarini olib kelayapmiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Yaqin kunlarda Rossiyadan qirqqa yaqin, Xitoydan oʻn nafar yuqori malakali mutaxassislar yetib kelgani, ularni hududlarga taqsimlab, joylarda bemorlarni eng samarali usullar bilan davolash va mahalliy shifokorlarni ham oʻrgatish ishlari tashkil qilinishi taʼkidlandi.

Xalqimiz ortiqcha qiynalmasligi uchun, fuqarolarimizning murojaatlaridan kelib chiqib karantin talablari yumshatilgani, lekin endi aholi jamoat joylarida koʻproq boʻlishi sababli COVID-19 tarqalishi xavfi sezilarli darajada oshishi ham eslatib oʻtildi.

Shu bois, odamlarga yana-da masʼuliyatli boʻlib, oʻzlarini va yaqinlarini virusdan himoya qilish boʻyicha talablarga qatʼiy amal qilishlari kerakligini tushuntirish, amaliy yordam berish va nazorat qilish lozimligi aytildi.

– “Temir intizom” hammamiz uchun eng birinchi masala boʻlib qolishi kerak. Korxonalar, tashkilotlar, qishloq xoʻjaligi sohasi va qurilish maydonlari, transport va jamoat joylarida ham ushbu talablarga qatʼiy amal qilish zarur, – deya taʼkidladi Prezident.

Barcha darajadagi hokimlar, sektorlar, sogʻliqni saqlash, mahalla, ichki ishlar va boshqa tizimlar rahbarlari tegishli hududlar va sohalarda koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga shaxsan masʼul va javobgar boʻlishlari belgilandi.

 

O’zA