O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2017-yil 13-dekabr kuni yer resurslari, geodeziya va kadastr sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi rahbarlarining soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan hisobotlari eshitildi.
Ma’lumki, yer va ko‘chmas mulk kadastri ishlarini yaxshilash maqsadida joriy yilda “Ergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi tarkibiy tuzilmasi va faoliyat yo‘nalishlari qaytadan tasdiqlandi.
Qo‘mitaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib yer resurslaridan oqilona foydalanish, geodeziya va kartografiya sohasi faoliyati bo‘yicha yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirilishini ta’minlash, yer resurslaridan oqilona foydalanish, yerlarni saqlash va muhofaza qilish, tuproq unumdorligini oshirish, geodeziya va kartografiya faoliyati samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha davlat dasturlari ishlab chiqish va amalga oshirish, davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish, ko‘chmas mulk obyektlarining elektron ma’lumotlar bazasini takomillashtirish va doimiy yangilab borish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etgan holda, davlat kadastr xizmatlari sifatini yaxshilash, tadbirkorlik subyektlariga tezkor va sifatli xizmatlar ko‘rsatish belgilandi.
Qo‘mita qoshida Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi. Qo‘mita rahbariyati butunlay yangilandi. Qo‘mita tizimiga qo‘shimcha 937 shtat birligi berildi va moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi.
Jumladan, davlat qo‘mitasi organlari tizimiga qo‘shimcha ravishda kiritilayotgan shtat birliklarini saqlash, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirish uchun joriy yil Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 45 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanishi belgilangan.
Ta’kidlash joizki, Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 3-avgustdagi qarori bilan 2016-2017-yillarda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari yalpi xatlovdan o‘tkazildi.
Bunda mamlakatimizdagi barcha 8 ming 901 mahallada xatlov ishlari yakunlandi. 6 million 190 mingdan ziyod ko‘chmas mulk obyekti xatlovdan o‘tkazildi. Xususan, 5,8 million turar joy obyekti, 267 ming 963 noturar joy obyekti, 38 ming 373 dala hovlida xatlov ishlari amalga oshirildi.
Bugungi kungacha Davlat soliq qo‘mitasiga real vaqt rejimida 6 million 30 mingdan ortiq (97 foiz) ko‘chmas mulk obyekti to‘g‘risidagi kadastr ma’lumotlari taqdim etildi.
Qo‘mita tizimi idoralari tomonidan fuqarolarga hamda tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan davlat kadastr xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida sohada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash orqali 7 davlat xizmati interaktiv usulga o‘tkazildi.
Uchuvchisiz uchish apparatlarini iqtisodiyotning real sektorida samarali qo‘llash orqali joylarda yer nazorati, qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilishi va boshqa agrotexnik tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida kvadrokopterlar olib kelindi.
Yig‘ilishda “Ergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi rahbariyatida yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri sohasida munosabatlarni kompleks tartibga solish, yerlardan oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish, ta’sirchan nazoratni ta’minlashda tashabbus yetishmayotgani qattiq tanqid ostiga olindi. Shuningdek, sohada hal etilishi talab qilinayotgan ko‘plab muammolar borligi qayd etildi.
Jumladan, joriy yilda agrotexnik tadbirlar bajarilishi va shartnomada ko‘zda tutilgan ekinlarni to‘liq ekish ustidan tizimli monitoring o‘rnatilmagani oqibatida 833 fermer 13 ming gektarga paxta va g‘alla ekish bo‘yicha shartnomaviy majburiyatini bajarmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Bunday holatlarning oldini olish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosari Z.Mirzayevga yerdan samarali foydalanish, fermerlar tomonidan tuzilgan shartnomalar ijrosini qat’iy ta’minlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklatildi.
Yig‘ilishda davlat kadastr xizmati tomonidan 2016-2017-yillarda ko‘chmas mulk obyektlarini yalpi xatlovdan o‘tkazib, aniqlangan hujjatsiz mol-mulkni ro‘yxatga qo‘yish ishlari ham to‘liq yakunlanmagani alohida qayd etildi.
Xususan, xatlovda 1 million 100 mingta uy-joyning hujjati 15 yildan ortiq vaqt mobaynida rasmiylashtirilmagani, 145 mingta ko‘chmas mulk obyektidan 15 yildan kam muddat mobaynida hech qanday hujjatsiz foydalanib kelingani, shuningdek, noqonuniy egallangan 8,5 ming gektar yerda va muhofaza zonalarida 67 mingta obyekt qurilgani aniqlangan.
Biroq kadastr xizmati organlari, tumanlar va shaharlar hokimlari tomonidan ushbu obyektlarning kadastr hujjatini tayyorlash, ular bo‘yicha mulk huquqini rasmiylashtirish, o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarda qurilgan obyektlarni buzish yoki ularga egalik huquqini berish ishlari to‘liq yakunlamagani qat’iy ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, 15 yildan ortiq vaqt foydalanib kelingan 1,1 millionta uy-joydan 751 mingtasi yoki 68 foizi bo‘yicha kadastr hujjatlari tayyorlangani, ushbu ishlar nazoratdan chetda qolgani ta’kidlab o‘tildi.
Shundan kelib chiqib Bosh vazir o‘rinbosari Z.Mirzayev, “Ergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi raisi A.Abdullayevga hududiy hokimliklar bilan birga kadastr hujjati yo‘q uy-joy va yerlarni to‘liq ro‘yxatga olish, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer va qurilgan uylar masalasini hal etish bo‘yicha qaror, dastur va jadval ishlab chiqib, amalga oshirish topshirig‘i berildi.
Sohaga axborot kommunikatsiyalarini, jumladan, ko‘chmas mulk hisobini yuritish bo‘yicha yagona axborot tizimini joriy qilish, soliq organlari bilan kunlik axborot almashinuv ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyevga xatlovga ko‘ra aniqlangan hujjatsiz uy-joy va yerlarni kadastr organlarida ro‘yxatga qo‘yish, ular bo‘yicha kadastr va soliq organlaridagi ma’lumotlar bazasi to‘liq bo‘lishi va yangilanib borishini ta’minlash uchun “Ergeodezkadastr” qo‘mitasi bilan hamkorlikda ish olib borish vazifasi yuklatildi.
Yer va mulkni ro‘yxatga olish tartibini takomillashtirish zarurligiga yig‘ilishda alohida urg‘u berildi. Xususan, Jahon banki e’lon qilgan reytingda O‘zbekiston “mulkni ro‘yxatga olish” ko‘rsatkichi bo‘yicha 73-o‘rinda ekanligiga e’tibor qaratildi.
Shuning uchun, “Ergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi raisi A.Abdullayevga bir oy muddatda kadastr hujjatlarini tayyorlash va rasmiylashtirishni “yagona darcha” orqali avtomatlashgan tarzda amalga oshirish, bu borada soliq va notarius idoralari bilan ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish yuzasidan hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini va ekish ishlari nazoratini kuchaytirish maqsadida zamonaviy uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar)ni xarid qilish ishlarini yakunlash, bunday apparatlarni mamlakatimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida innovatsion markaz tashkil etish yuzasidan qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi.