“Oʻzbekkino” Milliy agentligi “Sabru sadoqat” deb nomlangan besh qismli serialni yaratish va namoyish etish boʻyicha maxsus loyihani amalga oshirish tashabbusi bilan chiqdi. Serial Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad tavalludining 100-yillik yubileyiga bagʻishlab, mamlakatimizning oʻnta telekanalida efirga uzatiladi.
Kinoserial 1950-1955-yillarda yozuvchi va uning rafiqasi hayotida yuz bergan voqealarga asoslangan. Yosh oilaning yorqin umidlar va ulkan rejalarga toʻla baxtli va begʻubor hayoti bir onda ostin-ustun boʻlib ketadi. Said Ahmad hibsga olinadi.
Endi bosh qahramonlarning hayoti qanday kechadi, ularni qanday sinovlar kutib turibdi, taqdir ularning muhabbatini qanday sinaydi? Serialni tomosha qilib, bu savollarning barchasiga javob topasiz.
“Avvaliga «Said bilan Saida” filmida, soʻngra “Sabru sadokat” serialida aks etgan voqealar haqiqatdan ham Stalin qatagʻonining ogʻir yillarida ota-onam — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad va shoira Saida Zunnunovaning hayotlarida yuz bergan. Filmga otamning avtobiografik qissalari, ota-onamning bir-biriga yoʻllagan maktublari hamda onam, shoira Saida Zunnunovaning kundaliklari asos qilib olingan. Ota-onamning hayoti va ijodi bilan bogʻliq barcha qoʻlyozmalar, hujjat va xatlar uy arxivimizda avaylab saqlanmoqda. Otamning 100-yillik yubileyiga atab “Oʻzbekkino”da yaratilgan ushbu serial Oʻzbekiston telekanallarida namoyish etilishidan bagʻoyat xursandman» — deb izoh berdi ssenariy muallifi, Said Ahmadning qizi Nodira Husanxoʻjayeva.
“Said bilan Saida” filmi asosida yaratilgan serial teletomoshabinlarni oʻsha tarixiy davrga, ijod va ilhom muhitiga yetaklaydi. Sevgi, xiyonat, pushaymonlik, kechirimlilik, sadoqat, ezgulik — tomoshabinlar film qahramonlari bilan birga ularning koʻnglidan oʻtgan barcha kechinmalarni his qiladilar.
Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Adiblar xiyoboni”ning ochilishi chogʻida mumtoz asarlarni oʻrganish, ularning hayoti va ijodiy yoʻli haqida kitoblar nashr etish, filmlar yaratish muhimligini taʼkidlab oʻtdi. Ushbu koʻrsatmaga muvofiq Milliy agentlik tomonidan “Sabru sadoqat” teleserialining tayyorlanishi, oʻzbek xalqining yosh avlodini tarbiyalashdek muhim vazifaga hissa qoʻshayotganidan darak beradi.
Kinoserial 8-iyundan 12-iyungacha yurtimizning “Oʼzbekiston”, “Madaniyat va maʻrifat”, “Mahalla”, “Oʼzbekiston tarixi”, “ZOR TV, “MY5”, “Milliy TV”, “Uzbekistan-online.uz”, “Sevimli TV” (9-13-iyun), telekanallarida, shuningdek 20-iyun kuni “Kinoteatr” telekanalida namoyish etiladi.
O’zA