Olimlar uncha qimmat boʻlmagan preparat – Famotidin COVID-19 kasalligini davolashda yordam berishini aniqlashdi. Qayd etilishicha, ushbu dori vositasini xastalikning yengil shaklini boshidan kechirayotgan, aniqrogʻi, shifoxonaga olinishi talab etilmaydigan bemorlarga nisbatan qoʻllash mumkin. Tadqiqotchilarning “Gut” jurnalida chop etilgan xulosalarida shu haqda soʻz boradi.
Tajribada ishtirok etgan 10 nafar koronavirus infeksiyasiga uchragan bemor shifokorlar tavsiyasi boʻyicha famotidin qabul qilishgan. Mutaxassislar xastalikning beshta asosiy belgisi – yoʻtal, hansirash, charchoq, bosh ogʻrigʻi, taʼm va hid bilish qobiliyati yoʻqolishi asoratlari qay tarzda oʻzgarishini taqqoslab chiqishdi.
Odatda, ushbu preparat kuyish holatlariga qarshi foydalaniladi. Bemorlarning aksariyatiga preparat kuniga uch mahal – jami 80 milligramm dozada berilgan. Ayni muolaja 5-21 kun mobaynida oʻrtacha 11 kun davom etgan.
Tajribadan soʻng barcha 10 nafar bemor famotidin qabul qilishni boshlaganidan soʻng oʻzini yaxshi his eta boshlaganini taʼkidladi. Dastlabki sutkadan keyinroq koronavirus belgilari namoyon boʻlishi bilan bogʻliq umumiy holat ijobiy tomonga oʻzgargan.
Shu bilan birga tadqiqotchilar tegishli maʼlumotlar hali yetarli boʻlmaganligi sababli famotidinning samarasi toʻliq tasdiqlanmaganini ham eʼtirof etishdi.
Avvalroq Faynshteyn nomidagi Tibbiy tadqiqotlar instituti prezidenti doktor Kevin Treysi famotidinni koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun klinik sinovdan oʻtkazish jarayoni boshlanganini bildirgandi. Oʻshanda u agar foydasi sezilayotgan boʻlsa, mazkur preparatni hamma joyda qoʻllash mumkinligini, chunki bu dori “universal, arzon va koʻp” ekanini ham qoʻshimcha qilgan.
OʻzA