Qoraoʻzakli fermer respublikada birinchi boʻlib gʻalla topshirish rejasini bajardi

Qoraoʻzak tumanidagi “Qoraoʻzakli Rasul” fermer xoʻjaligi respublikada birinchi boʻlib gʻalla topshirish rejasini ortigʻi bilan bajardi.

Tuman hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, tumanda joriy yil 4 ming 300 gektar maydonda gʻalla ekilib, davlatga 9 ming 693 tonna gʻalla topshirish rejalashtirilgan. Agrotexnik tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli olib borilishi, gʻallani qisqa muddatda yigʻib olish maqsadida tegishli otryadlar tuzilib, zarur texnikalar bilan taʼminlanishi oʻz samarasini berdi. Tuman hududidagi fermer xoʻjaliklari gʻalladan moʻl hosil olib, shartnoma rejasini ortigʻi bilan bajarmoqda.

Tumandagi “Qoraoʻzak” qishloq fuqarolar yigʻini hududida joylashgan “Qoraoʻzakli Rasul” fermer xoʻjaligi tuman va respublika miqyosida birinchi boʻlib davlatga gʻalla topshirish rejasini bajardi. Fermer xoʻjaligi 39 tonna oʻrniga 65 tonna gʻalla topshirib, rejani 167 foizga bajardi. Hosildorlik gektariga 65 sentnerdan toʻgʻri keldi.

Tumanda gʻalla oʻrim-yigʻim mavsumi uyushqoqlik bilan davom etmoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi 
Joʻqorgʻi Kengesi Matbuot xizmati

 

OʻzA