Mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan takliflar bildirildi

Bugun Rossiya Xalqlar doʻstligi universiteti tashabbusi bilan “Rossiya Federatsiyasidagi chet el fuqarolarini rus tili va ijtimoiy madaniyatga moslashish muammolari” mavzusidagi VIII Umumrossiya ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Unda Rus tili va adabiyoti oʻqituvchilari xalqaro assotsiatsiyasi, Rossiya IIV Migratsiya boshqarmasi, BMTning Rossiyadagi qochoqlar boʻyicha vakolatxonasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va “Rossotrudnichestvo” agentligi ishtirok etdi.

Videoaloqa tarzida oʻtkazilgan konferensiya davomida migratsiya jarayonlariga pandemiyaning taʼsiri, Rossiya Federatsiyasiga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida ketayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini ketishdan oldin tayyorlash, ularni Rossiya Federatsiyasida boʻlib turgan davrida rus tili va kasbga oʻqitish borasidagi hamkorlik masalalari alohida muhokama etildi.

Taʼkidlash joizki, oʻzbekistonlik mehnat migrantlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni chet tili va kasbga oʻrgatish maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentiligi tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, Agentlik hamda Rossiya Xalqlar doʻstligi universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik kelishuviga muvofiq, Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirishda ruxsatnoma olish uchun talab etiladigan rus tili va adabiyoti, Rossiya qonunchiligi va tarixi boʻyicha hamkorlikda oʻquv kurslari va kasbga tayyorlash tashkil etiladi.

photo_2020-06-05_22-31-59.jpg

Rossiya Xalqlar doʻstligi universitetining Rossiyadagi hududiy test markazlarida kompleks imtihondan oʻtish uchun Oʻzbekiston fuqarolari tayyorlanadi.

Shuningdek, Oʻzbekiston fuqarolari uchun alohida sharoitlar yaratilib, imtihondan oʻtish boʻyicha maslahatlar beriladi va imtihon jarayonlari tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlanadi.

Yurtdoshlarimiz mutaxassisliklar boʻyicha rus tiliga oʻqitiladi va mashgʻulot natijalariga koʻra sertifikat beriladi. Sertifikat olgan fuqarolar yuqori maoshli korxonalarda ishlash imkoniyatiga ega boʻladi.

Imtihonga tayyorgarlik koʻrish va topshirish Rossiya Xalqlar doʻstligi universitetining fuqarolarimizning ish joyiga yaqin boʻlgan rasmiy mahalliy markazlarida amalga oshiriladi.

Konferensiyada ishtirokchilar nafaqat pandemiya davrida, balki undan keyin ham mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlash, ularni tilga va kasbga oʻqitish, keyinchalik bandligini taʼminlash yuzasidan oʻz takliflarini bildirdi.

Tashqi mehnat migratsiyasi 
agentligi axborot xizmati

 

OʻzA