Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Fargʻona shahrida viloyat va tuman hokimlari, soha va tarmoqlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari bilan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish, odamlarni ish bilan taʼminlash, daromadini oshirish boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Yigʻilishda bu borada Fargʻonada ham keng koʻlamli saʼy-harakatlar boshlangani, viloyatdagi 43 mingdan ziyod oilani yil yakuniga qadar kambagʻallikdan chiqarish maqsad qilingani qayd etildi.
Xususan, kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik va oʻzini oʻzi band qilish orqali qariyb 14 ming oilaning oyoqqa turishiga koʻmaklashiladi. Bunday loyihalarni moliyalashtirish uchun kredit resurslari hajmini 25 foizga oshirish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 400 milliard soʻm kredit ajratish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Investitsiya loyihalarini amalga oshirish va erkin iqtisodiy zonalar orqali 6 mingdan, qishloq xoʻjaligi sohasida 17 mingdan ortiq oilani kambagʻallikdan chiqarish choralari koʻriladi.
Masalan, gʻalladan qisqargan 4 ming gektar, oborotdan chiqqan 3,5 ming gektar yerda bogʻ va tokzorlar tashkil etiladi. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi huzurida Dorivor oʻsimliklar ilmiy markazi tashkil etilib, 10 ming gektarda shu turdagi oʻsimliklar yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi.
Irrigatsiya tizimidagi yoʻqotishlarni kamaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, buning uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 50 million dollar ajratish toʻgʻrisidagi qaror ham Fargʻona viloyati uchun katta ahamiyatga ega.
Yigʻilishda uy-joylar qurish, ichimlik suvi taʼminoti va oqova tarmoqlarini yaxshilash boʻyicha ham vazifalar belgilandi.
Fargʻona tajribasi asosida “loyihalar fabrikasi”ni keng rivojlantirish, IT markazlarda oʻquv kurslari tashkil etib, yiliga 262 mingdan ziyod yoshlar oʻqitish muhimligi taʼkidlandi.
Tadbirda Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar, iqtisodiyot tarmoqlari mutasaddilari, hokimlar hisoboti eshitildi.