AQSH Gonkongdagi mol-mulklarini sota boshladi

AQSH hukumati Vashington va Pekin oʻrtasidagi munosabatlar keskinlashishi ortidan Gonkongning eng nufuzli tumanlaridan birida joylashgan mulklarini sotuvga qoʻydi. Bu haqda “Bloomberg” Davlat departamenti tomonidan taqdim etilgan elektron xatga asoslanib maʼlum qilgan.
Agentlik xabarida AQSH ixtiyorida boʻlgan, Gonkongning orol qismi janubiy hududida joylashgan Shuson Xill tumanidagi yerlar, bir necha hashamatli binolar — taxminan 1,3 milliard dollar qiymatga ega obyektlar sotilishi qayd etilgan. Maʼlum boʻlishicha, ushbu mol-mulkni Davlat departamenti 1948-yil xarid qilgan.
Avvalroq Vashington Xitoy Xalq vakillari kengashining Gonkong milliy xavfsizligi toʻgʻrisida qonunni ishlab chiqish haqidagi rezolyutsiyasini keskin tanqid ostiga olgandi. Amerika hukumati bu hududning avtonomlik huquqlari buzilishini bildirishini aytib, ayni harakatga qarshi sanksiyalar bilan javob berishni vaʼda qilgan edi. Juma kuni AQSH prezidenti Donald Tramp shu paytgacha Gonkong oʻzaro aloqalarda foydalanib kelgan barcha imtiyozlarni bekor qilish jarayoni boshlanganini eʼlon qildi.

 

OʻzA