Pandemiyadan keyin iqtisodiy rivojlanishning uch ssenariysi haqida ekspert fikri

Yirik iqtisodiyotga ega mamlakatlar koronavirus pandemiyasidan keyin ham yakkalanish yoʻlini tutishda davom etadi. Dunyo bir nechta mustaqil makromintaqalarga boʻlinadi va barchasi oʻzlarining ishlab chiqarishini hamda moliyaviy tizimini kuchaytirib boradi. “Astana” xalqaro moliya markazi (XMM) boshqaruvchisi Qayrat Kelimbetov RIA Novostiga intervyu berar ekan, koronavirus pandemiyasi nihoyasiga yetgandan keyin dunyo iqtisodi mana shunday ssenariy asosida rivojlanishini taʼkidladi.
“Mening fikrimcha, barcha mamlakatlar kelgusi taraqqiyotida uchta asosiy yoʻnalish boʻyicha ketadi. Ushbu kurslar eng avvalo, oʻzini oʻzi taʼminlay olish va yakkalanishni nazarda tutadi. Oʻzini oʻzi taʼminlay oladigan iqtisodga va katta nufusga ega koʻplab mamlakatlar ushbu yoʻnalishni tanlashi mumkin. Masalan, Amerika Qoʻshma Shtatlari“, deydi Kelimbetov.
Uning taʼkidlashicha, pandemiya hozirgi proteksionizmni (davlatning oʻz milliy ekonomikasini chet el raqobatidan himoya qilishga qaratilgan iqtisodiy siyosati) harakatlantiruvchi quvvat vazifasini oʻtaydi. Biroq bunga sabab aslida, globalizatsiyaning shiddat bilan kengayishi boʻldi va bundan AQSHga oʻxshagan mamlakatlar ziyon koʻra boshladi.
“Bizning fikrimizcha, kelgusida ham proteksionizmning oʻsishi va milliy davlatchilikning kuchayishi kuzatiladi. Bunga biz pandemiyaga javob sifatida guvoh boʻlib turibmiz. Hatto eng barqaror integratsiya platformasi sifatida qaralayotgan Yevropa Ittifoqi ham koronavirus pandemiyasi tufayli murakkab ahvolda qolmoqda, chunki yakkalanish trendi barchasidan afzal koʻrilmoqda“, deydi ekspert.
Mutaxassisning fikricha, ikkinchi ssenariy, bu milliy bank va korxonalarni keng koʻlamda qoʻllab-quvvatlash boʻladi. “2008-2010-yillardagi inqirozda ham shunday yoʻl tutilgan edi. Oʻshanda mustaqil fondlar mablagʻlaridan foydalanib, bank va korxonalarning likvidligini taʼminlagan edik. Mening fikrimcha, mamlakatlarimiz iqtisodiy salohiyatidan toʻliq foydalanish asosiy yoʻnalishimiz boʻlishi kerak. Bu esa eng avvalo, zaxiralarimizni ishga solish, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro likvidlikni taʼminlash demakdir“, deydi “Astana” Xalqaro moliya markazi rahbari.
Kelimbetovning fikricha, mazkur ssenariyni hayotga joriy qilish Rossiya va Qozogʻiston kabi mamlakatlar uchun muammoli boʻladi, chunki yakkalanish siyosati va toʻliq import oʻrnini bosish barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish uchun juda zarur boʻlgan iqtisodiy oʻsish surʼatini yuqori darajada ushlab tura olmaydi. Ammo mamlakatlar bunga tayyorlansa boʻladi va hatto foyda ham olishi mumkin, agar hozirda shakllanayotgan savdo bloklarida munosib joy egallay olsa, albatta. Bunday bloklarni tashkil etish iqtisodni rivojlantirishning uchinchi ssenariysidan joy oladi.
“Biz yevrohududda kechayotgan jarayonni hamda anglo-sakson dunyosida kechayotgan alohida jarayonni koʻrib turibmiz. Masalan, AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya alohida bir savdo bloki boʻlishi mumkin. Janubi-sharqiy Osiyo, Lotin Amerikasi ham alohida savdo bloklorini shakllantirishi mumkin. Tabiiyki, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoq ham Ipak yoʻli iqtisodiy belbogʻ boʻylab savdo blokini tuzadi“, deya xulosa qiladi Kelimbetov.

 

Saidmurod Rahimov, OʻzA