Turkiya 70 ta mamlakat bilan pandemiya davrida mamlakatdagi sogʻliqni saqlash infratuzulmasi haqida batafsil maʼlumot berish uchun “telefon diplomatiyasi” tartibida maslahatlashuvlarni boshlagan, deb yozadi Hurriyet Daily News gazetasi.
Turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoyning taʼkidlashicha, mamlakat sayohat qilish uchun eng xavfsiz joydir. Vazirlik aviakompaniyalarda, aeroportlarda va boshqa transport vositalarida, shuningdek, turar joylarda, mehmonxonalarda, kafe va restoranlarda yuqori darajadagi gigiyena standartlari talablariga amal qilishni taʼminlash uchun “Sogʻlom turizm sertifikatsiya”si loyihasini ishga tushirgan.
“Turkiya nafaqat oʻz fuqarolarining, balki mehmonlarning sogʻligʻi, ularning xotirjam dam olishlari uchun barcha jarayonlarga masʼuliyat bilan yondashadi“, dedi Ersoy.
Vazirning qoʻshimcha qilishicha, yoʻlovchilar hamda transport kompaniya xodimlarining xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻrilgan choralar haqida ham batafsil maʼlumotlar beriladi.
OʻzA