Xususiy korxonada 1 ming 200 nafar ayol ishlamoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi “VBM Tekstil Grup” masʼuliyati cheklangan jamiyat faoliyati bilan tanishdi.

Korxona binosi qariyb oʻn uch yil qarovsiz yotgan edi. Tadbirkorga “nol” qiymatda berilgach, vaziyat tamomila oʻzgardi. 6,5 million dollar mablagʻ evaziga qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, Amerika Qoʻshma Shtatalari, Italiya, Yaponiyadan tikuvchilik va matoga ishlov berish dastgohlari keltirib oʻrnatildi.

Zamonaviy qiyofa kasb etgan korxona oʻn kun avval faoliyat boshladi. Bu yerda yiliga oʻrtacha 11 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi.

MDH mamlakatlari bilan shartnomalar imzolangan boʻlib, yiliga 27 million dollarlik mahsulot eksport qilish moʻljallangan. Bu geografiyani kengaytirish maqsadida Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Korxonada 1 ming 200 nafar ayol ish bilan taʼminlandi. Davlatimiz rahbari ular bilan suhbatlashdi.

– Avvalambor, sizlarni yaqinlashib kelayotgan ulugʻ ayyom bilan tabriklayman. Bu fabrika andijonliklarga oʻziga xos tuhfa boʻlibdi. Biz uchun har bir ish oʻrni muhim. Bu yerda shuncha xotin-qiz ishli boʻlganidan juda xursandman. Tadbirkorlarimiz jahon bozorlariga chiqmoqda. Bu – dunyoqarash oʻzgarishi, imkoniyatlar natijasi, – dedi Prezident.

Mutasaddilarga paxta tolasini qayta ishlashni chuqurlashtirib, qoʻshilgan qiymat yaratish, korxonalarga qoʻshimcha investitsiyalar yoʻnaltirib, ishlab chiqarishning toʻliq siklini oʻzlashtirishga koʻmaklashish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Ilgari viloyatda yetishtirilgan paxta faqat xomashyo sifatida sotilardi. Bundan daromad 100 million dollarga ham yetmasdi. Endilikda qayta ishlash rivojlanayotgani natijasida joriy yilda qariyb 440 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. 2021-yilda bu koʻrsatkichni 527 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

“VBM Tekstil Grup” tomonidan Andijonda tikuvchilik va jinsi ishlab chiqarish, mato toʻqish va boʻyash korxonalari tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

Shu yerda 2020-2021-yillar mobaynida viloyatda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari haqida maʼlumot berildi.

 

ЎзА