Yurtimizdagi keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishda bizga avvalo tinchlik kerak

Abdulaziz Komilov, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri:
– Bugun juda muhim xalqaro anjumanning guvohi boʻldik. Amerika Qoʻshma Shtatlari va Afgʻoniston “Tolibon” harakati oʻrtasida tinchlik jarayonini oʻrnatish shartnomasi imzolandi. Qirq yil mobaynida ilk bor Afgʻonistonda tinchlikka erishish boʻyicha yaxshi imkoniyat ochilyapti. Bunda Oʻzbekistonning hissasi juda katta.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qatʼiyati, kuchli irodasi va pragmatik yondashuvi tufayli Toshkentda boshlangan Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish jarayoni Doxadagi tarixiy kelishuvga erishilishida asosiy omil boʻldi.
Bu muhim shartnomaning ijobiy natijalari nimada koʻrinadi?
Birinchidan,Afgʻoniston xalqining tinch, baxtli-saodatli hayotiga eshiklar ochildi. Birinchi marta ushbu zaminda urush, zoʻravonliklar toʻxtaydi.
Ikkinchidan, mazkur shartnoma Oʻzbekistonning tinchlik-barqarorligi demakdir. Hatto tolibonlar biz bilan uchrashuvda “Biz hech qachon Oʻzbekistonga xavf keltiradigan, xavfsizligiga rahna soladigan harakatlarga yoʻl qoʻymaymiz va bu borada birga ishlashga tayyormiz”, – deb taʼkidladi. Bu mamlakatimiz uchun juda katta yutuq, Prezidentimiz olib borayotgan siyosatining ijobiy natijasidir.
Afgʻoniston bilan pragmatik manfaatlarimiz bor. Bular – yangi yoʻllar qurish, savdo-iqtisodiy aloqalarni oʻrnatish, Oʻzbekiston mahsulotlarini Afgʻoniston orqali Hindiston, Pokiston, Eron kabi Janubiy Osiyo davlatlariga eksport qilish. Biz bundan buyon ham xalqaro hamjamiyat bilan Afgʻoniston boʻyicha hamkorlikni izchil davom ettiramiz, Prezidentimizning afgʻon diyorida tinchlik oʻrnatish, Oʻzbekiston atrofida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha tashabbuslarining ijobati yoʻlida harakat qilamiz. Chunki yurtimizdagi keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishda bizga avvalo tinchlik kerak.

 

OʻzA