Bugungi kunda fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirish, jinoyat sodir etilishiga olib keladigan omillarga barham berishda davlat, jamoat tashkilotlari, mahalla, taʼlim-tarbiya muassasalari bilan oʻzaro mustahkam aloqalarni oʻrnatish, tizimli ishlarni tashkil etish dolzarb vazifaga aylandi.
Shundan kelib chiqib joylarda keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Bu borada Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi va uning quyi tizimida ham belgilangan chora-tadbirlar asosida ish tashkil etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasidan kelib chiqib, ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish uchun tizimda islohotlarni davom ettirishni taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov rahbarligidagi ishchi guruh Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.
Huquqbuzarliklar bosh boshqarmasi boshligʻi Baxtiyor Berdialiyev profilaktika inspektorlari faoliyatini oʻrganmoqda. Shu bilan bir qatorda aholi muammolari, sohaga doir yechimini kutayotgan masalalarni hal etishda amaliy koʻmak, huquqbuzarliklar va jinoyatchiliklarning barvaqt oldini olish, tizimga oid yangiliklar boʻyicha tavsiya va yoʻl-yoʻriqlar bermoqda.
Oʻtkazilayotgan oʻrganishlar, koʻrsatilayotgan yordam kelgusi faoliyatni yana-da yaxshilash, hukumatimiz tomonidan soha xodimlari oldiga qoʻyilgan vazifalarni ogʻishmay ado etishlari uchun xizmat qiladi.

 

OʻzA