Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug harbiylaridan tashkil topgan “Vatanparvarlik karvoni”ning navbatdagi manzili – Qoraqalpog‘iston Respublikasining Shumanay tumanidagi “Madaniyat” ovuli bo‘ldi.
Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga ma’lum qildi.
Shumanay tumani Qoraqalpog‘iston markazi – Nukus shahridan 75 kilometr uzoqlikda joylashgan. Dastavval ezgu niyat bilan yo‘lga otlangan karvonni tumandagi 12-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari munosib kutib oldi. Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazining harbiy orkestri ijrosidagi konsert dasturi sadolari hamda maktab o‘quvchilarining harbiycha chiqishlari yig‘ilganlarda yurtga bo‘lgan sadoqat, vatanparvarlik va fidoyilik tuyg‘ularini jo‘sh urdirdi.
Tantanali tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Dilshod Choriev, Nukus harbiy prokurori yordamchisi adliya mayori Alisher Qurbonov va Shumanay tumani hokimi Bahodir Yangiboev mamlakatimizda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash eng muhim, ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, okrug qo‘shinlarida o‘z yigitlik burchini o‘tayotgan muddatli harbiy xizmatchilar hamda shumanaylik o‘quvchilarning ko‘rgazmali musiqiy chiqishlari yig‘ilganlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.
Jangovar texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi tuman yigit-qizlarining hayratiga sabab bo‘ldi. Tadbir ishtirokchilari harbiy oshxona uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlari va tansiq taomlardan tatib ko‘rdi.
– Ana, ko‘rinmas odam, – deydi jajji bolakay tengqurlariga hayajonini yashirmay.
– Ular dala sharoitiga mos kiyingan snayperchilar, – deya ma’lumot beradi muddatli harbiy xizmatchilardan biri yuzida nimtabassum bilan. – G‘anim ko‘ziga tashlanmay, qo‘qqisdan o‘q uzish uchun ular shunday libosda yuradi.
Tadbir doirasida Shumanay tumanidagi 7-maktab o‘qituvchisi Rajab Madenov “Eng yaxshi charqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovida g‘olib chiqqani uchun diplom bilan taqdirlandi.
Muxtasar aytganda, bu yerda jam bo‘lgan aholi vakillarining dilidagi quvonch bayramona kayfiyatga ulandi. Bayram esa kuy-qo‘shiq, diltortar musiqiy navolarsiz o‘tmadi.
O‘zA