Aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasida yangi tizim joriy etiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Soʻnggi ikki yilda ijtimoiy nafaqa oladiganlar soni 1,3 baravarga, nafaqa miqdori 2 baravarga oshirilgani, ishlayotgan pensionerlarga pensiyani toʻliq toʻlash tartibi joriy qilingani qayd etildi.

Lekin tizim bilan bogʻliq muammolar saqlanib qolmoqda. Joriy yilning 9 oyida Xalq qabulxonalariga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bilan bogʻliq 36 mingta shikoyat boʻlgani ham shundan dalolat beradi.

Masalan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qatlamini aniqlash, hisobga olishning yagona mezoni yoʻq. Pensiya va nafaqalar miqdorini belgilashda muhim omil boʻlgan isteʼmol savati va yashash minimumi joriy qilinmagan. Ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar boʻyicha bepul davolanish uchun beriladigan orderlar har doim ham ehtiyojmand fuqarolarga yetib bormayapti.

Bunday holatlar aholining yordamga muhtoj qismiga uy-joy ajratish, maktabgacha taʼlim muassasalarida ota-onalar badalidan ozod qilish kabi masalalarda ham uchraydi. Mehribonlik uyida tarbiyalangan yoshlarni uy va ish bilan taʼminlash, yolgʻiz keksalarni parvarishlash, doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish borasida ham kamchiliklar bor.

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi ishlarni koordinatsiya qiladigan yaxlit tizim yoʻq, bu masalalar bilan oʻttizga yaqin davlat idoralari, tashkilotlar va komissiyalar shugʻullanmoqda.

Yigʻilishda xalqaro tajriba asosida bu sohada butunlay yangi tizimni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Buning uchun, avvalo, ijtimoiy koʻmakka muhtojlarni aniqlash va ularni hisobga olish, toʻlovlarning manzilliligini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.

Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasiga xalqaro tashkilotlar ekspertlarini jalb etib, isteʼmol savati va yashash minimumini hisoblash tartibi hamda isteʼmol meʼyorlarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Uni avval muayyan shahar va viloyatlarda tajribadan oʻtkazib, keyin amalga kiritish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.

Shuningdek, aholining ehtiyojmand qatlamini aniqlash va nafaqa toʻlashning aniq mezonlarini (indikatorlarini) joriy etish, ijtimoiy yordam oluvchilarning yagona reyestrini shakllantirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Bu reyestrning afzalligi shundaki, soliq, ichki ishlar, kadastr, bank, sogʻliqni saqlash, pensiya, mehnat, kommunal va mahalla idoralari maʼlumotlari yagona bazaga birlashtiriladi. Natijada hujjatlarni yigʻishga ketadigan vaqt hozirgi bir necha kundan bir necha soatga qisqaradi, fuqarolar bitta idoraga murojaat qilish bilan barcha masalalarni hal eta oladi.

Ijtimoiy himoya faqat nafaqa toʻlash bilan kifoyalanmasdan, balki muhtojlarning “oyoqqa turishi”ga koʻmaklashishi lozimligi taʼkidlandi. Misol uchun, nogironligi boʻlgan shaxslarga tegishli mehnat sharoiti yaratib berish orqali ularning 80 foizini foydali mehnatga jalb qilish mumkin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga nogironlik guruhlari boʻyicha kasblar klassifikatorini qayta koʻrib chiqish, ularning ishlashiga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Mehribonlik uylarida tarbiyalangan yoshlarning ijtimoiy moslashuvi, shu jumladan, ularni ish bilan taʼminlash boʻyicha dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Ijtimoiy sugʻurta tizimini isloh qilish, shuningdek, uch darajali pensiya taʼminoti tizimiga oʻtish orqali pensiya badalini toʻlashdan manfaatdorlikni oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Bunda, birinchi darajada davlat minimal pensiya miqdorini belgilaydi. Ikkinchi darajada xodimning ish haqidan muayyan summa ushlanib, uning shaxsiy hisob-varagʻida toʻplanadi va Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasidan kam boʻlmagan foiz hisoblab boriladi. Uchinchi darajada xodim pensiya jamgʻarmasiga ajratiladigan mablagʻ miqdorini oʻzi belgilaydi.

Bu tizim qoʻllanilsa, fuqaro kafolatli davlat pensiyasini olish bilan birga oʻz xohishiga qarab, pensiya yoshida qancha pensiya olishini oʻzi belgilash imkoniga ega boʻladi.

Shu bois Moliya vazirligiga Jahon banki va nufuzli moliya tashkilotlari ekspertlari bilan hamkorlikda pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish, shuningdek, ijtimoiy sugʻurta turlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari hozirgi tizimni “shok terapiyasi” usulida isloh qilish aholining har xil qatlamiga turlicha taʼsir etishini alohida taʼkidlab, mutasaddilarga 2030-yilgacha aholini ijtimoiy muhofaza qilish strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Buning uchun 2020-yil birinchi yarmi yakunigacha aholini ijtimoiy muhofaza qilish boʻyicha yangi tizimni har bir hududda eksperimentdan oʻtkazish vazifasi qoʻyildi.

Yolgʻiz keksalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, yashash joyi boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari faoliyatini takomillashtirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.

 

OʻzА