Prezident lokalizatsiyani kengaytirish boʻyicha tavsiyalar berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida oʻtayotgan Oʻzbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 1-maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan mazkur tadbir 18-noyabr kuni boshlangan edi. Unda mingga yaqin korxonalar, kompaniya va firmalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari 10 mingdan ortiq turdagi mahsulotlari bilan qatnashmoqda.

Ishtirokchilar sanoat korxonalarining esportbop va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlari, ularning sifat va texnik koʻrsatkichlari, ulgurji va chakana narxlari, korxonalarning mavjud quvvatlari kabi maʼlumotlar bilan tanishmoqda. Bu mahalliy va xorijiy bozorlarda talab yuqori boʻlgan mahsulotlarni oʻrganish, ularni ishlab chiqarish va sotib olish boʻyicha hamkorlar topish, kichik biznes subyektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb etishda muhim omil boʻlmoqda.

Prezidentimiz yarmarkada namoyish etilayotgan mahsulotlar bilan tanishdi. Ularning xaridorgirligi, lokalizatsiya darajasi bilan qiziqdi. Mahalliylashtirishni kengaytirish, import boʻlayotgan detallar ishlab chiqarilishini oʻzlashtirish, sifatni taʼminlash orqali xaridor orttirish zarurligini taʼkidladi.

– Ishlab chiqaruvchi qachon rivojlanadi? Mahsulotining egasi boʻlsa. Bu yarmarkaga kelgan har bir korxona va tadbirkor natijaga erishishi, oddiy gaykadan tortib katta mashinalargacha xaridorini topishi kerak. Uni ishtirokchilar rozi boʻlguncha davom ettirish lozim, – dedi davlatimiz rahbari.

Shavkat Mirziyoyevga Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida tashkil etilgan elektron kooperatsiya birjasi – www.cooperation.uz portali haqida ham maʼlumot berildi.

Mazkur portal orqali ishlab chiqaruvchilar oʻz mahsulotlariga xaridor topishi, ularni yetkazib berish boʻyicha shartnomalar tuzishi mumkin. Portal statistika, bojxona, soliq, sertifikatlashtirish idoralari maʼlumotlar bazasiga ulangan.

Sanoat korxonalari va buyurtmachilar oʻrtasidagi shartnomalar “onlayn” tarzda rasmiylashtirilmoqda. Xalqaro savdo markazida tarmoqlar, hududlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish salohiyati, kooperatsiyaga talab va ehtiyoji boʻyicha taqdimotlari oʻtkazilmoqda.


 

O’zA