USD 10500.03
EUR 12607.39
RUB 140.7

Payshanba, 19 Dekabr

Sayt test rejimida ishlayapti. Noqulayliklar uchun uzr so'raymiz.

Saylovda oilaviy ovoz berishga qanday chek qo‘yiladi?

Saylovda oilaviy ovoz berishga qanday chek qo‘yiladi?

O‘zbekistonda saylovlarni demokratik tarzda o‘tkazishga harakat qilingan. Xalqaro kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari doim saylovlarni kuzatib boradi.
Bu jarayonda ilgari doim “oilaviy ovoz berish” ya’ni bir kishi oiladagi barcha uchun ovoz berishi uchrab turgani sir emas.
Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari Mahmud Istamovning aytishicha, bu yil saylovda ishtirok etganlarning to‘liq ro‘yxati avtomatik tarzda shakllantiriladi. Bu bir shaxsning bir necha marotaba ovoz berishi yoki bir kishining butun oila a’zolari uchun ovoz berishining oldini olish imkonini beradi.
Saylov tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilayotgani bunga imkon yaratadi.
Elektron tizimning saylov jarayonlarida qo‘llanishi nafaqat saylov tashkilotchilari ishini osonlashtiradi, balki saylovlarning shaffofligini yanada kengroq ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Bu borada mamlakatimizda muayyan yutuqlarga erishilayotirki,buni joriy yilda Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini (SYaER) shakllantirish ishlari jadal davom etayotganidan ham bilsa bo‘ladi. Ushbu tizim ilk bor 2017 yil dekabr oyida Toshkent shahar Xalq deputatlari tuman kengashlariga saylov davomida sinovdan o‘tkazilgan.
Tizimning sinov jarayonida yuzaga kelgan ayrim kamchiliklarini bartaraf etish maqsadida Davlatimiz rahbarining 2018 yildagi “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga asosan hozir tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda SYaERni to‘la shakllantirish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
SYaER asosida Saylov jarayonini boshqarish bo‘yicha axborot tizimi (SJBAT) shakllantirildi. U o‘z ichiga bir qancha vazifalarni oladi va fuqarolarni saylov uchastka komissiyalariga taqsimlash, saylovchini o‘zi yashab turgan joyga aloqador uchastka haqida ma’lumot olish hamda okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari faoliyatini osonlashtirish imkoniyatini beradi.
Saylov kuni ovoz berish uchun kelgan yurtdoshlarimiz SJBAT operatorlariga murojaat qiladi va saylov byulletenini olib, ovoz berish kabinasida o‘z nomzodini qo‘llab-quvvatlaydi. Natijada bir vaqtning o‘zida saylovda ishtirok etganlarning to‘liq ro‘yxati avtomatik tarzda shakllantiriladi. Bu bir shaxsning bir necha marotaba ovoz berishi yoki bir kishining butun oila a’zolari uchun ovoz berishining oldini olish imkonini beradi.
Shu bilan birga, Markaziy saylov komissiyasining saylov jarayonlaridagi faoliyatini osonlashtirish va qo‘shimcha qulaylik va imkoniyatlar yaratish maqsadida “Saylov-2019” mobil ilovasi ishlab chiqildi. Unda saylovga oid qonun hujjatlari, saylov komissiyalari faollari haqida ma’lumotlar, saylovchilar, komissiya a’zolari, siyosiy partiyalar va nomzodlar hamda kuzatuvchilar uchun uslubiy tavsiyalar, saylov faollarining bilimini oshirishga doir o‘quv materiallari, kitoblar va maqolalar, saylov mavzusi bo‘yicha savol-javoblar o‘rin oladi. Shuningdek, saylovchilarga o‘z saylov uchastkasini topishida ko‘maklashish uchun maxsus havola ham joylashtiriladi.
O‘zA muxbirining Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari M.Istamov bilan suhbatining to‘liq matni bilan saytimizda tanishasiz. Bizni kuzatib boring!

 

Norgul Abduraimova, O‘zA