Endi toʻy va boshqa marosimlarimiz qanday oʻtadi?

2019-yil 16-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar xalqimizning uzoq yillik qadriyatlari va anʼanalarini oʻzida aks ettirgan toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazish masalalarini muhokama qildilar.
 
Taʼkidlanganidek, joriy yilning 14-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining qoʻshma majlisi oʻtkazildi. Unda toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish masalalari ikki palata aʼzolari tomonidan atroflicha muhokama qilinib, mazkur tadbirlarni tartibga solish maqsadga muvofiq, deb topildi.
Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qoʻshma qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oraligʻida oʻtkaziladi. Hududlarning sharoitlaridan kelib chiqib, xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan osh berish marosimining vaqti alohida belgilanadi. Soat 23:00 dan keyin toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni davom ettirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Shuningdek, toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi. Qoʻshaloq toʻylarda 250 nafargacha, u bilan bogʻliq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi ishtirok etishi mumkin.
Majlisda taʼkidlanganidek, dafn etish va motam marosimlari koʻpi bilan uch kun mobaynida cheklanmagan miqdordagi fuqarolar ishtirokida oʻtkazilishi mumkin, osh berish marosimi bundan mustasno. Milliy anʼanalarga yot, odob-axloq qoidalariga zid boʻlgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan toʻylar, oilaviy tantanalardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qoʻshimcha rasm-rusumlarni oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oilaviy tadbirlarning dabdabasiz, kamxarj va ixcham, shuningdek, Nizom talablariga muvofiq oʻtkazilishi uchun birinchi navbatda mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari va ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari shaxsan masʼul hisoblanadi.
Majlisda deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarning oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishni nazarda tutuvchi qoʻshma qarori tasdiqlandi.
Ushbu qaror yuzasidan deputatlar oʻz munosabatini bildirdi.
Abdurashid TOʻXTABOYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi aʼzosi:
– Yaxshi bilasiz, parlamentimiz yuqori palatasi tomonidan 2018-yil mart va iyun oylarida toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solishga doir qarorlar qabul qilingan edi. Ushbu qarorlarni xalqimiz juda yaxshi kutib olgani bois, oʻtgan davr mobaynida ayni sohada qator ijobiy natijalarga erishildi. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida, shuningdek, fuqarolar yigʻinlarida oilaviy tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish masalalari boʻyicha komissiyalar tuzildi. Senatorlar, deputatlar, jamoat tashkilotlari vakillari, ziyolilar, ijodkorlar ishtirokida koʻplab tushuntirish va targʻibot tadbirlari oʻtkazildi. Ushbu jarayonda biz, deputatlar ham faol qatnashdik, xalqimizning, saylovchilarning ayni masala boʻyicha fikr-mulohazalarini tinglab bordik, ularni qiynayotgan masalalarni batafsil oʻrgandik. Albatta, parlamentimiz palatalari Kengashlari tomonidan kuni kecha qabul qilingan qoʻshma qarorga oʻz-oʻzidan kelingani yoʻq. Joylarda oʻtkazilgan ana shu uchrashuvlarda xalqimiz tomonidan toʻy-tantanalarni ixcham, kamxarj va dabdabadan xoli, jamoat tartibini saqlash boʻyicha bildirilgan fikr-mulohazalar, ilgari surilgan takliflar bunda muhim asos boʻldi.
Yormamat XOLIYOROV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi aʼzosi:
– Bugun biz majlisda tasdiqlagan qoʻshma qaror xalqimizning nafaqat toʻy-tantana va marosimlarini tartibli oʻtkazish, balki jamiyatimizda ijtimoiy adolat tamoyillarini yanada mustahkam qaror toptirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Tartib-intizom, ijtimoiy adolat ustuvor jamiyatda esa qonuniylik, milliy urf-odat va qadriyatlarga sodiqlik, jamoatchilik fikrini inobatga olish tamoyillariga rioya etilishi taʼminlanadi. Shu maʼnoda, toʻliqligicha xalqimizning oʻz xohish-irodasini ifodalagan mazkur qoʻshma qaror amaliyotda oʻzining ijobiy samarasini albatta beradi, deb oʻylayman.
Kozim TOJIYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya raisi:
– Mazkur qoʻshma qaror xalqimizning milliy urf-odatlari, maʼnaviyati, madaniyati, anʼanalari va qadriyatlarini hurmat qilishga, jamoat tartibini saqlashga, fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga, oilaviy tadbirlarni oʻtkazishda shuhratparastlik, dabdaba va isrofgarchilikning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shu bois ham jamiyatimizning faol qatlami boʻlgan yoshlar buni samimiy qabul qilmoqda, kerak boʻlsa, ular ixcham, dabdabadan xoli, milliy qadriyatlarimizga mos toʻylarni oʻtkazishda oʻzlari namuna koʻrsatyapti. Bu ham mazkur qoʻshma qaror nechogʻli toʻgʻri, xalqimizning koʻnglidagi gap boʻlganini anglatadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

 

O’zA