Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva 16-sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashdi.
Unda ikki mamlakat oʻrtasida parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash va rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda ikki mamlakat Prezidentlarining siyosiy irodasi va qatʼiy saʼy-harakatlari tufayli Oʻzbekiston – Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarildi. Siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar izchil taraqqiy etmoqda. Bu har ikki davlat manfaatlariga toʻla javob berib, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Rossiya Davlat dumasi delegatsiyasining tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi faol parlamentlararo muloqotning mantiqiy davomidir. Joriy yilda yuqori darajadagi qator uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Parlament guruhining aloqalari mustahkamlanmoqda. Oʻzbekiston parlament delegatsiyalari Davlat dumasi tomonidan tashkil etilayotgan xalqaro tadbirlarda muntazam ishtirok etmoqda.
Uchrashuvda xalqaro parlamentlararo tuzilmalar doirasida bundan buyon ham faol hamkorlik qilishga tayyorlik bildirildi.
Vyacheslav Volodin boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan ham uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot chogʻida mehmonga Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatimizda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, quyi palataning qoʻmita va fraksiyalari faoliyati, parlamentarizm sohasidagi yangiliklar toʻgʻrisida soʻzlab berildi.
Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi bilan hamkorlik Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatining strategik yoʻnalishlaridan biridir. Zero, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, qonun ijodkorligi, parlament nazorati sohalarida tajriba almashish mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Muzokaralar yakunida Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi oʻrtasida parlamentlararo hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv imzolandi.
Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari shu kuni poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyini ham borib koʻrdi.
Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari shu kuni poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyini ham borib koʻrdi.
Gʻ.XONNAZAROV, OʻzA