Joriy yilning 1 oktabridan Qarshi, Nukus va Termiz xalqaro aeroportlari beshinchi erkinlikka kiritilib, “Ochiq osmon” xalqaro normalari joriy etiladi.
Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.Abduhakimov ishtirok etgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Unda Prezidentimizning joriy yil 13 avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni xususida so‘z yuritildi.
Mazkur hujjat turizm sohasida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish va infratuzilmalar borasidagi mavjud muammolarni hal qilish, xizmatlar sifatini yaxshilash, milliy turistik mahsulotlarni jahon bozorida faol ravishda ilgari surish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Unda 2019-2025 yillarda sohaning yuksalishiga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilab berilgan. Xususan, 2020 yilning 1 yanvaridan xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga charter reyslarini tashkil etish turizm sub’ektlari va aviatashuvchilarning xarajatlari qisman subsidiya qilinadi. Uning bir qismi budjet hisobidan qolgani turizmga tushadigan yig‘imlardan qoplab beriladi.
Bu nimaga kerak, degan fikrlarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.Abduhakimov shunday izoh berdi.
– Kimdir 20 dollarni bizga bersa bo‘lmaydimi deyishi mumkin, – deydi A.Abduhakimov. – Lekin buning alohida jihatlari bor. Misol uchun, bitta reysni tashkil etish uchun 3 ming dollar sarflanadi. Unda 150 nafar odam kelsa va har bir sayyohdan ming dollar qolsa, yurtimizga 150 ming dollar kirib keladi. O‘rtacha 30 ming dollar soliqlarga sarflansa ham 120 ming dollar qoladi. Biz 3 ming berib, shuncha mablag‘ni yurtimizga kiritamiz. Agarda mingta samolyot qo‘nib o‘tsa, qancha bo‘ladi. O‘zingiz qolganini hisob-kitob qilib ko‘raverasiz.
Mazkur farmonda Kosta-Rika, Yamayka, Meksika, Dominikan, Kuba kabi 20 mamlakat uchun vizasiz rejim joriy etilishi belgilangan. Shuningdek, yurtimizning tarixiy va afsonaviy shaxslari to‘g‘risidagi badiiy filmlar, qisqa metrajli va hujjatli filmlarni suratga olish uchun grantlar ajratish ham kuzda tutilgan.
Shu tariqa berilgan imtiyozlar tufayli 2022 yilda yurtimizga kelayotgan sayyohlarning sonini 10 million nafarga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Agarda bu raqamning yil sayin o‘sishiga e’tibor qiladigan bo‘lsak, 2016 yilda ularning soni atigi bir million 300 mingni tashkil etgan.
Kelgusida sayyohlar sonini ortishi, ularning yurtimizda bo‘lish muddatini uzaytirish va xizmatlar sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha barcha choralar ko‘riladi.

 

Sayyora ShOEVA, O‘zA