Zamonaviy talablar asosida bunyod etilgan 630 o‘rinli 55-sonli maktabda o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Yorug‘ xonalar, qulay mebel, o‘quv-laboratoriya uskunalari, sport zali, stadion, oshxona-bufet va boshqa qulayliklar bolalarning sifatli ta’lim olishida muhim o‘rin tutadi.
Sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida o‘qituvchilar, ota-onalar, o‘quvchi-yoshlarning fikr va mulohazalari, takliflarini puxta o‘rganish, ularga tayangan holda ish ko‘rishga tizimli yondashilmoqda. Xususan, aholi keng qatlamining xohish-istaklari inobatga olingan holda yangi o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablarida 10-sinflar tashkil etilib, o‘quvchilarning intilishiga qarab ular maktab, kollej, litseylarda ta’limni davom ettirishi uchun keng sharoitlar yaratildi.
Ma’lumki, poytaxtimizning ayrim hududlarida maktab o‘quvchilarning uylaridan uzoqda joylashgan. Bu maktabga o‘z vaqtida borib kelish, sifatli ta’lim olishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Mazkur massivda barpo etilgan maktabda bu holat bilan bog‘liq barcha jihatlar e’tiborga olingan. Ota-onalarning ta’kidlashicha, uylarning oynavand qismlari maktab tarafga qaratilgan bo‘lib, bu bolalarning maktabga qatnashi, tanaffus paytida ham ularga ko‘z quloq bo‘lib turish uchun qulaydir. Bundan tashqari, bolalar qorli-qirovli kunlarda ham maktabga transport vositalariga chiqmasdan borib kelish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Prezidentimiz maktab bilan tanishar ekan, ta’lim-tarbiya sohasida olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirishda bu kabi loyihalar muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.
Prezidentimiz shu yerda Sergeli tumani faollari, nuroniylar, yoshlar, jamoatchilik vakillari, yangi uy sohiblari bilan uchrashdi. Uchrashuvda jamiyatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, aholiga yaratilayotgan sharoitlar, yangi ish o‘rinlari yaratish to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Abu Bakir O‘rozov, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA