Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq va Qoʻngʻirot tumanlari hududida joylashgan Sudochye koʻllar tizimida joriy yil 4-iyul kuni sodir boʻlgan yongʻin koʻpchilikni befarq qoldirmadi.
Ikki kundan ortiq vaqt davom etgan olov oqibatida 278 gektar maydondagi qamishzorlar yonib ketgan. Jiddiy talafotlar, yaʼni odamlarga va hayvonot dunyosiga zarar yetmaganligi haqida mutasaddi tashkilotlar xabar qilishdi. Lekin…
Oradan bir hafta oʻtar-oʻtmas yana oʻsha koʻldagi qamishzorlarda yongʻin sodir boʻlib, 2-3 gektar ochiq maydonda qamishlar yonganligi haqida xabar tarqaldi.
4-iyul kungi yongʻinni Orol dengiziga borib kelayotgan sayyohlar rasmga tushirib, Nukusga kelgandan soʻng tarqatib yubormaganda, yana qancha vaqt xabarsiz qolib ketishimiz mumkin edi – aytish qiyin. Yongʻin haqida oʻz vaqtida koʻldagi baliqchilarning xabar qilmagani esa tushunarsiz holat. Ekspert guruhi ancha kech yoʻlga otlandi. Sudochye koʻli Nukusga qariyb 200 kilometr. Unga Ustyurt platosi orqali notekis yoʻllarda boriladi. Maxsus transportda kamida 4 soatlik yoʻl. Yetib borgani bilan suv oʻrtasidagi qamishzorlarga kirib borish va yongʻinni bartaraf qilish ham oson ish emas.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi rasmiylari qayd etishicha, sodir boʻlgan yongʻin qayiqlarda suzib borilib oʻchirilgan. Olovning soʻnishiga shu kunlari yogʻgan yomgʻir ham maʼlum darajada yordam bergan boʻlishi mumkin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi Sudochye koʻllar tizimida sodir boʻlgan yongʻin oqibatlari haqida maʼlumot berdi.
“Sudochye” ornitologik buyurtmaxonasi hududi yovvoyi holda yashovchi ondatra, oʻrdak (bir necha turlari), gʻoz, oqqush, birqozon, flamingo va boshqa hayvonot dunyosiga boy. Yongʻinda ularga zarar yetkazilgan holat uchramagan. Chunki suvda suzuvchi qushlar va boshqa hayvonot turlari yashash makoni va ular bahor oylarida tuxum qoʻyib koʻpayadigan hudud hisoblanadi. Lekin oʻrganish davomida hayvonot dunyosi nobud boʻlgan holat qayd etilmadi. Chunki hozirgi kunga kelib polaponlar katta boʻlib bemalol suvda suzib yuradigan darajada oʻsib ulgʻaygan.
Koʻpchilik yongʻin haqida xabar topib qushlarga qaygʻurgan edi. Chunki koʻlda 240 ga yaqin doimiy yashovchi va koʻchmanchi qushlar turlari qayd qilingan.
Bu koʻllar tizimi qushlarning uya qoʻyish, uchib oʻtuvchi qushlarning dam olish, uchish oldidan oziqlanish joyi boʻlib xizmat qiladi.
Sudochye koʻllar tizimida Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kirgan 40 turdagi qushlarning 30 turi, Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro tashkilotining “Yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi turlarning Qizil roʻyxati”ga kiritilgan 24 turdagi qushning 18 turi yashaydi.
Endi savol tugʻiladi, shunday yongʻin, masalan, mart yoki aprel oyida sodir boʻlganda nima boʻlar edi? U paytda qushlarning polaponlari hali uyasida yashayotgan boʻladi. Axir, mart-aprel oylarida Sudochye koʻlini millionlab qushlar makon qiladi. Yongʻinni nima bilan oʻchiradi? Avtomashina tugul, odam ham qayiq ham bora olmaydigan qalin qamishzor yoki botqoqliklardagi yongʻinni faqat suv purkovchi samolyot yoki vertolyot yordamidagina bartaraf qilish mumkin. Lekin Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga kiritilgan Yongʻin xavfsizligi boshqarmasida bunaqa transport yoʻq.
Har yilgi kuz mavsumida mahalliy aholi tomonidan mollarga ozuqa qilish uchun yangisini oʻstirish maqsadida qamishzorlar yoqib yuborilar edi. Maʼlumki, bu paytda ham Sudochyeda qushlar saltanati hukm surayotgan boʻladi. Shimolga uchib ketgan qushlar kuzda yana janubga qaytishida Sudochyeda maʼlum vaqt dam olib ketadi. Oxirgi yillarda flamingo qushlarining koʻplab kelishi xorijiy va mahalliy sayyohlarning ham ushbu koʻlga qiziqishini orttirgan edi.
Aytgancha, bundan buyon koʻldagi qamishlar sanoat uchun ham kerak. Ularni odamlarning yoqib yuborishi taʼqiqlandi. Jarimasi ham ancha. Moʻynoqda qad rostlayotgan DSP zavodlariga ishlatiladigan xom ashyoning aksariyati aynan shu koʻldagi qamishlardan olinadi. Yongʻin shundayligicha tez-tezdan boʻlib tursa, Sudochyening taqdiri nima boʻladi? Xullas, ushbu savolning boshi hozircha ochiq qolib ketmoqda.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlab oʻtish joiz, Moʻynoq tumani hududidagi koʻllar qamishzorlarga boy. Oʻzbekiston Respublikasida mavjud qamishzorlar maydonining 57 foizi, Qoraqalpogʻiston Respublikasida mavjud qamishzorlar maydonining 78 foizi Moʻynoq tumaniga, jumladan 50 ming gektardan ortiq maydonga ega Sudochye koʻli hissasiga toʻgʻri keladi.
Mutaxassislarning fikricha, koʻldagi muammolar faqat bu emas. Koʻldagi suvning barqaror boʻlmasligi va noqonuniy ovchilik ham tabiatga ancha zarar keltirmoqda. Masalan, 2014-yilda olimlar tomonidan koʻldagi orollarda koʻp sonli flamingo qushlarining uyalari topilgan boʻlsa, keyingi yillarda bunday holat kuzatilmagan. Chunki 2015-yilda suv koʻpayib ketib, flamingo qushlarining uyalari suv ostida qolib ketgan. Keyingi yillarida suv kam boʻlib, orollar yarim orollarga aylanib qolgan va unga har xil yirtqich hayvonlar bemalol kirib kelib, tuxumlarini yeb ketgan. Noqonuniy ovchilik esa qushlar sonining kamayib ketishiga olib kelmoqda.
Sudochye koʻlidagi baliqchilik xoʻjaligi ham kutgan natijani bermaydi.
Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpogʻiston filiali xodimi Ye.Qurbanbayevning taʼkidlashicha, Taxiatosh gidrouzelidan kelib tushadigan daryo suvining yildan-yilga kamayib ketishi va Sudochye, Qarateren, Jiltirbas koʻllari yuqori tuzga ega kollektor suvlari bilan taʼminlanganligi va toza suv bilan almashish imkoniyati boʻlmagani bois ulardagi suvning sifati pasayib ketgan. Shuningdek, 2003-2004-yillarda katta koʻllarni kichik ijarachilarga boʻlib berish davrida baliqlarning migratsiya yoʻllari hisobga olinmagan va fermerlar koʻp yillar davomida baliq ovlash bilan shugʻullanib, ularning sonini koʻpaytirish va sifatini yaxshilash boʻyicha ish olib bormagan.
– Sudochye koʻllar tizimi avval koʻl “Moʻynoq akva sanoat” DUK huzurida edi va endi davlat buyurtma qoʻriqxonasiga aylantirilmoqda, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi ekologiya va Orolboʻyi hududini rivojlantirish masalalari boʻyicha kotibiyat mudiri Asxat Salixov. – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-martdagi “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan mazkur koʻllar tizimi Davlat ekologiya qoʻmitasi tasarrufiga berildi. Bundan buyon noqonuniy ovchilik va qamishlarni yoqib yuborish batamom bartaraf qilinadi. Qamishlarni oʻrib olish ham belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ilgari Sudochyega Amudaryoning Raushan va Primuzyak kanallari orqali suv kelib, koʻl Orol dengizi havzasi bilan bogʻlanib turgan. Koʻlning maydoni 350 kilometr kvadratga yetgan, eniga oʻrtacha 15 kilometr, uzunligi oʻrtacha 250 kilometrgacha va chuqurligi 2 metrgacha boʻlgan.
Suvi chuchuk boʻlganligi uchun mahalliy aholi tomonidan “suvi duchchi” deyilib, keyinchalik “Sudochye”ga aylanib ketgan.
1960-yillarda Orol dengizi sathining pasayishi va daryo suvi oqimining toʻxtatilishi oqibatida Sudochye qurib keta boshladi. 1968-yilda sayoz koʻl alohida suv omborlariga aylandi. Biroq ayni paytda, Sudochye koʻli kollektor-drenaj suvlari hisobiga qayta tiklangan, sobiq yirik koʻl oʻrnida 4 ta suv ombori bor. Ular Aqushpa, Katta Sudochye, Qarateren va Begdulla-Aydindir. 2000-2001-yillarda suv tanqisligi tufayli hatto katta Sudochye ham qurib qoldi.
Keyinchalik mazkur koʻllar tizimiga Sudochye koʻlini boshqarish qoʻmitasi, soʻng 2015-yildan “Moʻynoq akva sanoat” DUK egalik qilib kelgan. Hozirda koʻl yoqasidagi eski Urga qishlogʻi oʻrnida sayyohlar uchun sharoit yaratish maqsadida turistik infrastruktura tortilishi rejalashtirilgan.