Qonun loyihasi nega qayta nomlandi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida
2019-yil 12-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini muhokama qildilar.
Xalq vakillari ishni qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻlgan “Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqatlanishi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqishdan boshladilar. Taʼkidlash joiz, 2019-yil 2-aprelda birinchi oʻqishda qabul qilingan mazkur qonun loyihasi ustida uzoq ishlandi, unda oʻz aksini topgan normalar maromiga yetkazildi, deputatlar tomonidan bildirilgan takliflar asosida yangi tushunchalar kiritildi. Qonunning maqsadi “ovqatlanish” jarayonini tartibga solish emas, “ozuqalar”ga, boshqa predmetlarga bagʻishlanganini qayd etib, deputatlar loyiha nomi mazmuniga mos boʻlishi uchun uning nomini oʻzgartirish kerakligini zarur deb hisobladilar. Shu tariqa loyihaning mazmuni va normalaridan kelib chiqib, qonunning nomi “Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida” deya qayta nomlandi. Aslida ham, qonun loyihasi bolalarni oziqlantirish jarayoniga emas, balki ular isteʼmol qiladigan ozuqalarga, ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash va goʻdaklarning oziq-ovqatiga qoʻyiladigan talablarni tartibga soluvchi normalarni oʻz ichiga olgan.
Taʼkidlash joiz, mazkur loyihani maromiga yetkazishda deputatlar bahs-munozaralarga sabab boʻlgan barcha moddalarni atroflicha muhokama qilib, pishiq-puxta holga keltirdi. Norma ijodkorligi talablari asosida havolaki normalar chiqarib tashlandi va ular oʻrniga toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan moddalar kiritildi.
Deputatlar taʼkidlaganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatda sogʻlom nasl va barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan qator tadbirlarning mantiqiy davomi hamda qonuniy asosi boʻlib xizmat qiladi.
Shundan soʻng deputatlar “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi byudjetini shakllantirish va ijro etishning yangi mexanizmlarini joriy etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda muhokama qildilar. Mazkur hujjat Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan boʻlib, qonun loyihasi “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish” yili Davlat dasturining 7-bandida belgilangan parlament palatalari byudjetlarini shakllantirishning yangi mexanizmlarini yaratish hamda uning ijrosini taʼminlashga qaratilgandir. Ushbu qonun loyihasi bilan Oʻzbekistonda parlamentning toʻliq moliyaviy mustaqilligi, parlament nazoratini taʼminlashda asos boʻladigan, eng muhimi, taraqqiyot uchun xizmat qiladigan bir-birini tiyish va muvozanatni saqlash tizimi amal qilishini taʼminlaydigan normalar taklif etilmoqda. Jumladan, parlament faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni har bir holatda moliya organlari bilan uzoq vaqt oʻtkaziladigan kelishuv jarayonlariga chek qoʻyish, xususan, keyingi yildan boshlab davlat byudjetida Oliy Majlis palatalarining xarajatlarini alohida satr bilan belgilab qoʻyish, smeta xarajatlarini parlament palatalari Kengashlari tomonidan tasdiqlash, shuningdek, parlamentlararo va xalqaro hamkorlik boʻyicha muhim tadbirlarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash kafolatlarini yaratish koʻzda tutilmoqda. Qizgʻin muhokamalardan soʻng qonun loyihasi qabul qilindi.
Majlisda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari tizimining izchilligini, doimiylik xususiyatini, umumiy qamrovi va majburiyligini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan “Fuqarolik holati dalolatnomalari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham deputatlar tomonidan atroflicha muhokama qilindi. Qonun loyihasi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish sohasidagi qonun hujjatlarini unifikatsiyalash, shuningdek, fuqarolarning fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini qayd etish, tuzatish, oʻzgartirish, tiklash va bekor qilish sohasida vujudga keladigan huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilganligi bilan dolzarbligi qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, ushbu loyihaning qabul qilinishi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etuvchi barcha organlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, FHDYO organlari xodimlarining fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish boʻyicha xizmat koʻrsatish jarayonidagi javobgarligini belgilaydi. Shuningdek, barcha fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tartibini aniqlashtirish imkonini beradi. Qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻlgan qonun loyihasi masʼul qoʻmitaga maromiga yetkazish uchun qaytarildi.
Majlis kun tartibiga kiritilgan navbatdagi masala – “Mudofaa toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda qizgʻin muhokama qilindi. U “Mudofaa toʻgʻrisida”gi qonunga mudofaani tashkil etishning hamda Qurolli Kuchlarni boshqarishning huquqiy asoslarini belgilash, mamlakat mudofaasini taʼminlashda davlat organlarining vakolatlarini, shuningdek, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, tashkilotlar va fuqarolar ishtirokini aniqlash bilan bogʻliq oʻzgartirishlar kiritish ehtiyojidan kelib chiqib tayyorlangan.
Deputatlarning qayd etishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi yurtimizning mudofaa sohasidagi qonunchilik tizimini yanada takomillashtirish, mamlakatni mudofaaga tayyorlashga qaratilgan masalalarni tartibga solishga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham qizgʻin bahs-munozaralarga boy boʻldi. Birinchi oʻqishda muhokama qilingan mazkur qonun loyihasi bilan muddatli harbiy xizmatni oddiy askarlar tarkibi lavozimlarida oʻtayotgan harbiy xizmatchilar, jumladan, oliy maʼlumotli shaxslar uchun muddatli harbiy xizmatni chaqiruv boʻyicha ofitserlar tarkibi lavozimlarida oʻtayotgan ofitserlar uchun – oʻn ikki oy etib belgilanmoqda.
Kun tartibidagi navbatdagi masala – “Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkilotini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ham atroflicha muhokama qilindi.
Mazkur loyiha Prezidentimizning 2018-yil 28-fevraldagi “Vinochilik sohasini va alkogolli mahsulotlarni realizatsiya qilishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, deputatlarning qayd etishicha, Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkilotiga aʼzo boʻlish mamlakatda mazkur sohani yanada rivojlantirishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Jahon hamjamiyati bilan axborot va tajriba almashish, mahsulotlarni halqaro standartlarga uygʻunlashtirishda koʻmaklashadi, yangi standartlarni ishlab chiqish, uzumchilik va vinochilik sohasida xalqaro ekspertlar yordamidan keng foydalanish imkonini beradi.
Majlisda parlament quyi palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

 

O’zA