Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-iyul kuni Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodiga tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bilan tanishdi.
Qishloq xoʻjaligida texnika parkini mustahkamlamay turib sifat va samaradorlikka erishib boʻlmaydi. Mamlakatimizda yillar mobaynida turli qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqarish va chuqur mahalliylashtirishga yetarli eʼtibor berilmagani oqibatida texnika parkining yillik yangilanish darajasi 2-3 foizdan oshmas edi.
Maʼlumki, Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi (sobiq Toshkent traktor zavodi) ham kuchli iqtisodiy raqobatga, zamonaviy bozor talablariga dosh berolmay qolgandi. Oqibatda bir paytlar gurkirab ishlagan korxonaning bino va liniyalari qarovsizlikdan toʻkilib borayotgandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2016-2017yillarda korxonada raqobatbardoshlikni taʼminlash, traktorlar, tirkama va paxta terish mashinalari tayyorlashni yangi sifat darajasiga koʻtarish maqsadida ishlab chiqarish liniyalarini modernizatsiya qilish va texnologik jihatdan qayta jihozlash boʻyicha investitsiyaviy loyiha amalga oshirildi. Uning birinchi bosqichida qora va rangli metallarni payvandlash, qayta ishlash, shtamplash, traktor kabinalari yasash va boshqa turdagi ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish, boʻyash liniyalari ishga tushirildi.
Jahondagi ilgʻor tajribani oʻrganish va kuchli raqobatga chidamli zamonaviy texnika vositalari ishlab chiqarish uchun AQSH, Janubiy Koreya va Belarus Respublikasining qishloq xoʻjaligi mashinasozligiga ixtisoslashgan yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik oʻrnatildi.
Qishloq xoʻjaligi mashinasozligini rivojlantirish orqali iqtisodiyotning barqarorligini taʼminlash uchun sohadagi islohotlarga yangi surʼat bagʻishlash, tarmoqda rentabellikni oshirish talab etiladi. Shu jihatdan davlatimiz rahbarining ushbu tashrifi zavodga katta oʻzgarishlar olib keladi. Korxona negizida yangi zavodlar ishga tushirilib, tom maʼnoda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi sanoati barpo etiladi.
Jumladan, lokalizatsiya darajasini oshirib, importni qisqartirish maqsadida bu yerda 5 ta korxona tashkil etish rejalashtirilgan. Ulardan biri umumiy qiymati 42 million dollar boʻlgan metall quyish korxonasidir. Zavodning 3 gektarlik boʻsh turgan binosida tashkil etiladigan korxonada yiliga 47 ming tonna xalqaro standartlarga javob beradigan, yuqori aniqlikdagi metall qismlar quyiladi.
Davlatimiz rahbari ushbu korxona uchun moʻljallangan binoni kirib koʻrdi.
Mashinasozlik korxonalari uchun metall quyish quvvati – eng muhim masala. Buningsiz mahalliylashtirish, mahsulot turlarini koʻpaytirish va tannarxini pasaytirishga erishib boʻlmaydi. Bu korxonalarni ishga tushirsak, texnikalarimiz raqobatbardosh boʻladi, fermerlarimizga hamyonbop mahsulotlar yetkazib beriladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Umumiy qiymati 24 million dollar boʻlgan yana 4 ta loyiha transmissiya vallari, gʻildirak disklari, kabinalar va mahkamlovchi temir buyumlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga qaratilgan. Ushbu loyihalarni ishga tushirish natijasida sohada mahalliylashtirish darajasi 60 foizga yetkaziladi, mahsulot tannarxi 32 foizga va import yiliga 116 million dollarga kamayadi.
Shuningdek, bu yangi quvvatlar nafaqat “Oʻzagrotexsanoatxolding” korxonalari, balki “Oʻzavtosanoat” tizimida ishlab chiqarilayotgan avtomobillar, yuk mashinalari va avtobuslar uchun ham butlovchi qismlarni kooperatsiya asosida yetkazib berishni taʼminlaydi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga mazkur loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirib, kelgusi yil ishga tushirish zarurligini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev traktor yigʻish va payvandlash sexlari, “Uz Claas Agro” Oʻzbekiston – Germaniya qoʻshma korxonasidagi ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi.
“Uz Claas Agro” qoʻshma korxonasida 4 ta ishlab chiqarish quvvati mavjud boʻlib, ular Germaniyaning “Claas Central Asia Investment” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan “Dominator 130” kombayni, “Arion 630” haydov traktori va tirkamalar shunday rusumdagi texnika vositalariga qaraganda unumdorligi bilan ajralib turadi. Barcha turdagi texnika vositalari zarur sertifikatlarga ega, xalqaro standartlarga mos.
Prezidentimizga qoʻshma korxona tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, mahsulot turlari va korxonani rivojlantirish istiqbollari haqida maʼlumot berildi. Davlatimiz rahbari lokalizatsiya darajasini oshirish, yangi qismlar va mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Prezidentimiz Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodida agrar soha mashinasozligini rivojlantirish boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Tarmoqda bozor mexanizmlari joriy etilayotgani, gʻalla va paxtaning xarid narxi oshirilgani, meva-sabzavotlar eksporti kengayayotgani natijasida dehqon va fermerlarimizning daromadlari izchil ortib bormoqda. Endi ular yangi-yangi texnikalar olib, ish samaradorligi va mahsulotlar sifatini oshirishga harakat qilmoqda.
2018-yilda fermerlarga 11,5 ming dona texnika yetkazib berilgan. Oʻtgan yili 10 million dollar, joriy yilning birinchi yarmida esa 15 million dollarlik qishloq xoʻjaligi texnikasi eksport qilingan.
Lekin bu mavjud salohiyat va talabga nisbatan juda kam. Bugungi kunda qishloq xoʻjaligida yiliga 11 mingdan ziyod texnikaga, jumladan, 4 mingta traktor, 500 ta kombayn va 5 mingdan ziyod osma-tirkama texnikaga ehtiyoj mavjud. Bundan tashqari, 2022-yilgacha 263 ming gektar, 2025-yilgacha yana 1 million gektardan ziyod yerlar qayta foydalanishga kiritilishi bois bu ehtiyoj yanada oshadi.
Hozirgi kunda mavjud texnikalarning 46 foizi koʻp muddatdan buyon foydalanishda boʻlib, yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Fermerlardagi texnikaning 97 foizi paxta va gʻalla uchun moʻljallangan.
Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahsulot va xizmatlar turlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Joriy yil 1-oktyabrdan boshlab iqtisodiyotning barcha jabhalari qatori ushbu sohada ham soliq imtiyozlari bekor qilinayotgani tarmoq korxonalaridan yanada faol ishlashni talab qilishi qayd etildi.
Avvalo bozorbop texnikalar ishlab chiqarish, tannarxni kamaytirish, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish korxonalar oldidagi eng muhim vazifalar boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
Kabina, boshqaruv tizimi, gʻildirak, tezlik uzatgich, osma tizimlar kabi asosiy qismlar lokalizatsiya darajasini 32 foizdan 56 foizga yetkazib, tannarxni 30 foizgacha arzonlashtirish, shuningdek, mahalliy korxonalar oʻrtasida kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish orqali yillik importni 20 million dollarga qisqartirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.
Fermerlarni qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlashning barqaror moliyaviy mexanizmlarini yaratish, texnikalarga servis va taʼmirlash xizmati koʻrsatish, ehtiyot qismlar yetkazib berishni yaxshilash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Qishloq xoʻjaligi texnikasini sertifikatlash tizimini takomillashtirish, tayyor mahsulotlar bilan birga xizmatlar eksportini ham kengaytirish vazifasi qoʻyildi. Zamonaviy texnikalar ishlab chiqaruvchi va ularga xizmat koʻrsatuvchi malakali mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Bizga raqobatbardosh texnika kerak, qoʻshimcha qiymat zarur. Tizim korxonalarida minglab odamlar ishlashi lozim. Bugun belgilangan maqsadlarni kim amalga oshiradi? Mutaxassis. Nima amalga oshiradi? Aql, bilim, mehnat, dedi Prezidentimiz.
Yigʻilishda belgilangan vazifalarni amalga oshirish rejalari yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.
Matnazar ELMURODOV, OʻzA